Janubiy Sudandan BMTning 46 politsiyachisi chaqirtirib olindi
BMTning Janubiy Sudandagi missiyasi rahbarlari jinsiy ekspluatatsiya ishi bo‘yicha dastlabki tergovdan keyin Vau shahridan politsiyachilar otryadini ortga chaqirtirib oldi. Hozir ular missiyaning Jubadagi bazasida bo‘lib, u yerni tark eta olmaydilar.
“Moviy beretlar” ustidan shikoyatlar 8 fevralda kelib tushgan. Taxmin qilinishicha, ganalik politsiyachilar BMTning Vaudagi bazasida boshpana topgan va yashagan ayollar bilan jinsiy aloqalarga kirishgan. Mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, politsiyachilar jinsiy xizmatlar uchun pul va mahsulotlar bilan haq to‘lashgan.
“Bu missiya kodeksining yaqqol buzilishidir. Kodeksga ko‘ra himoyaga muhtoj va yordam oluvchi odamlar bilan jinsiy aloqalarga kirish taqiqlanadi”, deyilgan missiya bayonotida.
Missiyaga qoidabuzarliklar haqida ma'lumot kelib tushgandan keyin, BMT darhol voqeani tergov qila boshlagan. Tergov natijalari 22 fevralda missiya rahbari Devid Shirer va boshqa rahbarlarga ma'lum qilingan. Ular 46 politsiyachidan iborat bo‘linmani tergov olib borilayotgan vaqtga Vaudan chaqirtirib olishga qaror qilishgan.
“Jinsiy ekspluatatsiya yoki zo‘ravonlikning istalgan akti missiya bajarayotgan muhim ishga putur yetkazadi va uni Janubiy Sudan aholisi oldida yomonotliq qiladi”, deyilgan bayonotda. Missiyada ta'kidlanishicha,. tinchlikparvar kuchlar tomondan bunday qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.