Nega Starlink Ukraina armiyasi uchun bunchalik muhim?
|20:501 41810 min
14-oktabrga oʻtar kechasi Ukraina dronlari kutilmaganda aloqani yoʻqota boshladi. Ilon Mask javobgarlikni oʻzidan soqit qilib, bunday qarorlarni Pentagon va prezident qabul qilishini bildirdi. Xoʻsh, Starlink Rossiya-Ukraina urushida aynan qanday vazifani bajaradi va uning tizgini kimning qoʻlida?
Ukrainalik askar front yaqinida Starlink terminalini yoqishga tayyorlamoqda / Foto: ReutersUkrainalik askar front yaqinida Starlink terminalini yoqishga tayyorlamoqda / Foto: Reuters
Ukraina armiyasi toʻrt yildan ortiq tayanib kelayotgan sunʼiy yoʻldosh aloqasi bu hafta Kiyev va Vashington oʻrtasidagi bahsning markaziga aylandi. Cheklov haqida 14-oktabr kuni Ukraina prezidentining mudofaa texnologiyalari boʻyicha maslahatchisi Serhiy Beskrestnov maʼlum qildi. «Qurolli kuchlarimiz bu cheklovlar haqida ogohlantirilmadi va bu bir qator missiyalarning barbod boʻlishiga olib keldi», deb yozdi u.
Ukraina Mudofaa vazirligiga koʻra, oʻsha kun davomida aloqa bundan ham past tezlikda uzilgan. Kechga borib aloqa soatiga 160 kilometrgacha tiklangan, ammo chegaraning oʻzi saqlanib qolgan. Ukrainaning sobiq mudofaa vaziri Mixail Fedorov Maskka minnatdorchilik bildirib, chegarani butunlay olib tashlash Ukraina mudofaasi uchun «hal qiluvchi» ekanini yozdi.
Jang maydonining «asab tizimi»
Starlink Ukraina uchun oddiy internet emas, balki armiyaning asosiy aloqa vositasidir. AQShdagi Urushni oʻrganish instituti (ISW) innovatsiyalar boʻyicha direktori Jorj Barros BBC’ga bergan izohida uni «Ukraina harbiy aloqasining umurtqa pogʻonasi» deb atadi. Uning soʻzlariga koʻra, tizim dronlar, artilleriya va qoʻmondonlik punktlarini yagona real vaqt tarmogʻiga birlashtiradi, shu tufayli nishon aniqlangandan zarba berilguncha oʻtadigan vaqt qisqaradi.
The New York Times, BBC, Reuters, ISW maʼlumotlari asosida tayyorlandi. Sxema soddalashtirilgan, masshtab saqlanmagan - Kun.uz
Ukraina dronlariga Starlink yoki uning harbiy versiyasi Starshield’ning kichik terminali oʻrnatiladi va u tepadan oʻtayotgan sunʼiy yoʻldoshlar bilan toʻxtovsiz aloqa ushlab turadi. Dron kamerasidagi video sunʼiy yoʻldosh va yer stansiyasi orqali internetga, undan yuzlab kilometr uzoqdagi operator ekraniga boradi. Operatorning buyruqlari esa xuddi shu yoʻl bilan dronga qaytadi. Oddiy radio aloqa uzoqqa yetmaydi va dushman uni radioelektron kurash vositalari bilan osonroq bostiradi. Sunʼiy yoʻldosh aloqasi esa masofaga unchalik bogʻliq emas va bostirishga chidamliroq.
Mavzuga oid
Dron ustidagi Starlink terminali / Videodan lavha
Tarmoq terminal qanday tezlikda harakatlanayotganini biladi, shuning uchun SpaceX belgilangan tezlikdan oshgan dronning aloqasini uzib qoʻyishi mumkin: 14-oktabrdagi cheklov aynan shunday ishladi.
Starlink tijoriy xizmat boʻlsa, Starshield SpaceX tomonidan hukumat mijozlari uchun yaratilgan, himoyasi kuchliroq harbiy versiyadir. Reuters’ning yozishicha, Starshield ham 11 mingdan ortiq yoʻldoshdan iborat oʻsha Starlink turkumiga tayanadi.
Ukrainadagi Starshield terminallari uchun Pentagon pul toʻlaydi. Bloomberg 2024-yil dekabrida Pentagonning ikki shartnomasi Ukrainada jami 3000 ta terminalni qamrashini maʼlum qilgandi.
Starlink’ning standart tariflarida soatiga 160 kilometrdan tez uchadigan havo vositalariga ulanish allaqachon cheklangan. Ukraina qurollariga esa aynan Starshield bundan tezroq uchish imkonini berib kelgandi.
Yangi cheklov Ukrainaning eng avvalo ikki yoʻnalishiga zarba beradi. Birinchisi - havo mudofaasi. Barrosning aytishicha, Starlink’ka ulangan tutib oluvchi dronlar Rossiyaning reaktiv «Shaheed»lariga qarshi eng samarali vositalardan biri boʻlgan. Biroq bu «Shaheed»lar soatiga 320 kilometrdan tezroq ucha oladi. Tezligi 160 km/soatdan oshganda aloqasi uzilgan dron endi ularni quvib yetolmaydi.
Ukrainaning tutib oluvchi dronlari / Foto: AFP
Kremlga yaqin harbiy blogerlardan biri esa cheklov Rossiya kuchlariga Ukraina infratuzilmasiga eng koʻp zarar yetkazish uchun «imkoniyat oynasi» ochganini yozdi.
Ikkinchisi - front ortidagi oʻrta masofali zarbalar. Starshield’ga ulangan dronlar, jumladan, AQShda ishlab chiqarilgan Hornet dronlari Rossiya logistikasiga qarshi kampaniyaning tayanchi hisoblanadi. Bu aloqa operatorga dronni yuqori tezlikda, bosib olingan hududlar ustida ham jonli boshqarish imkonini beradi.
Ukraina Uchuvchisiz tizimlar kuchlari maʼlumotlariga koʻra, 14-oktabrda Rossiya harbiy transportiga zarbalar keskin kamaygan. Havo-desant qoʻshinlarining 7-tezkor reaksiya korpusi esa soatiga 110–120 kilometr tezlikdayoq dronlar bilan aloqa uzilganini xabar qildi (korpus keyinroq bu xabarni izohsiz oʻchirib tashladi).
Rossiya ichkarisiga zarbalar berishda esa cheklov taʼsir qilmaydi, chunki Starlink va Starshield Ukraina uchun faqat oʻz hududi ustida ishlaydi.
Elektrsiz shaharlar uchun aloqa
Rossiya energetika tizimiga zarbalarni kuchaytirgan bir paytda ukrainaliklar uchun front chizigʻidan uzoqda ham Starlink’ning ahamiyati kamaymaydi. Kiyev rasmiylariga koʻra, bu texnologiya kasalxonalar, maktablar, muhim infratuzilma va frontoldi hududlarni aloqada ushlab turadi. Elektr uzilishlari paytida aholiga isitish, quvvat va internet beradigan «Yengilmaslik nuqtalari»da ham Starlink ishlatiladi.
New York Times’ning yozishicha, bu hozir ayniqsa muhim: 14-oktabrdagi Rossiya hujumida Kiyevdagi uchala issiqlik elektr markaziga zarba berildi va poytaxtda 600 ming kishi elektrsiz qoldi.
Kiyevga Rossiya zarbasi oqibati - 13-oktabr / AP
Hozircha Ukrainadagi Starlink cheklovlari faqat harakatdagi terminallarga taalluqli, yaʼni dron va transport vositalariga oʻrnatilgan terminallarga. Cheklovlar statsionar fuqarolik ulanishlariga taʼsir qilgani haqida xabarlar yoʻq.
Hisobni Polsha toʻlaydi, muqobil esa yoʻq
Starshield uchun Pentagon toʻlasa, Ukrainadagi oddiy Starlink terminallarining katta qismi uchun Polsha pul toʻlaydi. 2025-yil sentabrida Fedorov Ukrainada 50 mingdan ortiq terminal ishlayotganini, ulardan 29 mingdan ortigʻini Polsha yetkazib berganini aytgandi. Polsha tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorski bu xarajatni yiliga taxminan 50 mln dollar deb baholagan.
Varshava uchun bu oʻz xavfsizligi masalasi hamdir: Polsha bosh vaziri Donald Tusk avgustda mamlakat hisobidan ishlayotgan Starlink stansiyalari havo tahdidlarini aniqlashga yordam berishini taʼkidlagandi. 23-sentabrda esa Varshava yaqinida, Ukraina armiyasiga ham xizmat qilgani aytilgan Starlink yer stansiyasiga oʻt qoʻyildi. Polsha rasmiylari bunda Rossiya razvedkasini gumon qilmoqda.
Starlink va uning raqobatchilaridagi sunʼiy yoʻldoshlar soni / Foto: Reuters
Yevropa esa tayyor oʻrinbosar taklif qila olmaydi. Reuters’ga koʻra, Starlink’ning 11 mingdan ortiq sunʼiy yoʻldoshiga muqobil Eutelsat’ning OneWeb tarmogʻida 600 dan sal koʻproq yoʻldosh bor. Mustaqil ekspert Kristian fon der Roppning fikricha, bu tizim Ukraina harbiylariga foydali qoʻshimcha quvvat berishi mumkin. Ammo u Starlink oʻrnini bosolmaydi: uning terminallari qimmat, ogʻir va koʻp energiya sarflaydi. Yevroittifoqning mudofaa va kosmos boʻyicha komissari Andrius Kubilyus ittifoq «Amerika kosmik imkoniyatlariga ancha qaram» ekanini tan oldi, biroq Yevropa oʻz tizimlarini ishga tushirishiga hali yillar kerak.
Tizgin kimning qoʻlida?
Starlink cheklovlari Kiyev va Vashington munosabatlari keskin yomonlashgan kunlarga toʻgʻri kelmoqda. 9-oktabrda AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya dizelini jahon bozoriga chiqarishga ruxsat beruvchi kelishuvni eʼlon qildi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy buni Moskva hujumlarini kuchaytiradigan qaror deb tanqid qilgach, Tramp Ukrainaga yangi yetakchi kerakligini aytdi.
Zelenskiyning aytishicha, Starlink va razvedka boʻyicha «koʻplab kutilmagan holatlar» boʻlgan. Xususan, Ukraina ikki kecha ketma-ket hamkorlardan Rossiyaning ballistik raketa hujumi haqida oldindan ogohlantirish olmagan.
Britaniyalik jurnalist Pirs Morgan bilan suhbatda Zelenskiy Starlink cheklovi haqida: «Bu katta xato. Bu qaror koʻplab odamlarning hayotiga zomin boʻladi», dedi. Ammo u bunga kim javobgar ekanini ochiqlamadi.
SpaceX rahbari Ilon Mask esa javobgarlikni hukumatga yuklamoqda: «Starshield tizimlari AQSH hukumatiga tegishli va u tomonidan boshqariladi. Tezlik yoki foydalanishga oid har qanday cheklovlarni AQSH harbiylari va oxir-oqibat prezident hal qiladi», deb yozdi Mask.
Axios’ning yozishicha, Oq uy Kiyevga SpaceX’ni nazorat qilmasligini aytgan, yuqori martabali amerikalik amaldor esa maʼmuriyatning bunga aloqasi yoʻqligini taʼkidlagan.
Tramp maʼmuriyati Kiyevni Rossiyaning neft obyektlariga zarbalarni toʻxtatishga undamoqda. Maqsad bozorga koʻproq dizel chiqarish va noyabrdagi oraliq saylovlar oldidan yoqilgʻi narxini tushirish. Zelenskiy esa narx oshishiga koʻproq Yaqin Sharqdagi urush sabab boʻlganini aytadi. Vashington, agar Kiyev Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga zarbalarni toʻxtatmasa, razvedka almashinuvi va qurol xaridini toʻxtatish bilan ham tahdid qilgan.
Foto: Reuters
Ukrainalik rasmiylar ham cheklovni Kiyevni Tramp talabiga koʻndirish uchun ataylab qilingan bosim deb hisoblaydi. Biroq u Rossiya ichkarisidagi zarbalarga texnik jihatdan taʼsir qilmaydi, shu bois uning zarari asosan Ukraina havo mudofaasi va frontga tushmoqda. Strategik jihatdan esa Vashington Ukrainaga bergan razvedka, qurol va aloqadan qachon va qayerda foydalanishni oʻzi belgilamoqchidek koʻrinmoqda.
Kim qaror qilganidan qatʼi nazar, bu voqea Ukraina mudofaasining muhim qismi boshqa davlat va xususiy kompaniyaga bogʻlanib qolganini koʻrsatmoqda. Ukrainaning Buntar Aerospace kompaniyasi hammuassisi Bogdan Sas aytganidek, «kimningdir bugungi kayfiyatiga» qaram boʻlmaslik uchun endi ularga suveren imkoniyatlar kerak.