Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-oktabr kuni Amerika-Oʻzbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining ikkinchi yigʻilishi ochilishida ishtirok etdi.

Tadbirda AQSH Davlat kotibi Marko Rubio, AQSH prezidentining maxsus vakili Serjio Gor, Amerikaning yetakchi kompaniyalari va banklari vakillari ham qatnashdi.

Davlat rahbari oʻz nutqida Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi hamkorlikning yangi imkoniyatlari koʻp asrlar davomida xalqlar, madaniyatlar va savdo yoʻllarini birlashtirib kelgan shahar – Samarqandda muhokama qilinayotgani ramziy maʼnoga ega ekanini taʼkidladi.

Bugungi kunda Oʻzbekiston va Amerika oʻrtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilgani, bu, eng avvalo, AQSH prezidenti Donald Trampning shaxsiy eʼtibori va qoʻllab-quvvatlovi tufayli ekani qayd etildi.

Mustahkam siyosiy sheriklik asosida iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish zarurligi taʼkidlandi.

Bu borada qoʻshma loyihalar va tashabbuslarni ilgari surishga salmoqli hissa qoʻshayotgan Amerika-Oʻzbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi alohida oʻrin tutadi.

Davlat rahbari Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarga toʻxtalib oʻtdi. Iqtisodiyot oʻsib bormoqda, yangi korxonalar ishga tushirilmoqda, ish oʻrinlari yaratilmoqda, yoshlar uchun taʼlim olish imkoniyatlari kengaymoqda.

Shu bilan birga, sanoatni yanada rivojlantirish va zamonaviy infratuzilmani barpo etish uchun investitsiyalar jalb qilish jarayoni ilgʻor texnologiyalarni joriy etish, bilim va tajriba almashish bilan birga olib borilishi zarurligi taʼkidlandi.

Bu borada AQSH biznesi bilan hamkorlik qilish boʻyicha katta tajriba toʻplangani taʼkidlandi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda Amerika sarmoyasi ishtirokidagi yuzlab kompaniyalar faoliyat yuritmoqda. Ular bilan sanoat, energetika, transport, qishloq xoʻjaligi, taʼlim va yangi texnologiyalar sohalarida hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Ayni paytda Oʻzbekiston kompaniyalari ham AQSH iqtisodiyotiga investitsiya kiritishni boshlamoqda.

Muhim minerallarni oʻzlashtirish va chuqur qayta ishlash orqali yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarish, zamonaviy va barqaror energetika tizimini rivojlantirish, maʼlumotlarni qayta ishlash markazlarini tashkil etish, sanoat, qishloq xoʻjaligi, taʼlim va davlat boshqaruviga sunʼiy intellekt hamda raqamli yechimlarni joriy qilish, taʼlim va kadrlar tayyorlash hamkorlikni yanada kengaytirish uchun istiqbolli yoʻnalishlar sifatida koʻrsatib oʻtildi.