18:15 / 01.03.2018
15262

Endi Okcfordda o‘zbekistonlik islomshunoslar ham o‘qiydi

Foto: Oksford universiteti

28 fevral kuni O‘zbekistonning yetakchi islomshunos olim va tadqiqotchilaridan iborat delegatsiya Buyuk Britaniyaga safar qildi. Delegatsiyaga O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi favqulodda va muxtor elchisi A.Shayxov hamrohlik qilmoqda. 

Oksford islom tadqiqotlari markazi rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda hamkorlik rejalari, amalga oshiriladigan ilmiy loyihalar muhokama etildi. Jumladan, o‘zbekistonlik islomshunos tadqiqotchilar Oksfordda tahsil olib, ilmiy-tadqiqotlar o‘tkazadi. Oksford islom tadqiqotlari markazi bilan hamkorlikda Imom Buxoriy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Abu Ali Buxoriy Zandavistiy singari yurtimiz allomalari asarlarining tarjimalari ingliz va o‘zbek tillarida nashr etiladi. Buyuk Britaniya kutubxonalari va qo‘lyozma fondlarida saqlanayotgan O‘zbekistonga oid madaniy meros obektlari, noyob qo‘lyozmalarning nusxalari olinib, tadqiq etiladi.

“O‘zbekistondagi islom ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlik qilish biz uchun katta sharaf”, deydi Farhan Nizomiy. “Biz Prezident Shavkat Mirziyoyevning ma'rifiy islomni o‘rganish va targ‘ib etish haqidagi takliflarining ahamiyatini yuqori baholaymiz. Oksford islom tadqiqotlari markazi O‘zbekistonda yangi tashkil etilgan markazlarning Yevropa va Amerikaga chiqishi uchun vositachi bo‘lishga tayyor”.

Shuningdek, Buyuk Britaniyaning qadimiy Bodlean kutubxonasi, Seynt Jons kolleji, Fan tarixi muzeyi, Ashmolean muzeyida uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. E'tiborli jihati, Seynt Jons kollejida saqlanayotgan qadimiy qo‘lyozma manbalar qatorida Imom Buxoriyning “Sahihi Buxoriy”, Mirzo Ulug‘bekning “Ziji Ko‘ragoniy” asarlarining nodir nusxalari saqlanmoqda. Kelajakda yurtimizdan Oksfordga borib o‘qiydigan mutaxassislar ushbu manbalarning foto nusxalarini olish va uning ustida tadqiqot va tahlillar o‘tkazish bilan shug‘ullanadilar. Shuningdek, Oksforddagi Fan tarixi muzeyi direktori doktor Akkerman bilan muzey fondida saqlanayotgan nodir eksponat – Mirzo Ulug‘bek globusining nusxasini O‘zbekistonga oid xorijda saqlanayotgan madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi bilan taklifiga asosan tayyorlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Mavzuga oid
Top