Dekabr oyida Krishtianu Ronaldu Chempionlar ligasi rekordini o‘rnatdi – u turnirning guruh bosqichidagi barcha o‘yinlarda gol urdi. Ammo «Real» hujumchisining samaradorlik ko‘rsatkichi YeChL pley-offida ham davom etmoqda. Portugaliyalik futbolchi 1/8 finalda «PSJ»ga qarshi o‘yinlarda 3ta gol urdi. Endi «Oltin to‘p»ning 5 karra sohibida joriy mavsumdagi 8 o‘yinda urilgan 12 gol bor! Taqqoslash uchun, bu mavsumda «MYu» YeChL o‘yinlarida 12ta gol urdi, «Sevilya»da 12, «Barselona»da 10, «Roma»da 10, «Yuventus»da 9ta gol.

Ronaldu turnirning avvalgi mavsumlarida «qaymoqranglilar» jamoasi uchun qanchadan gol urgan?

2009/10 yilgi mavsum – 7 gol
«Real»dagi birinchi mavsumida portugaliyalik futbolchi jamoa bilan 1/8 finalgacha yetib borgan, shu bosqichda madridliklar ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra «Lion»ga mag‘lub bo‘lgan. Ronaldu turnirning o‘sha mavsumida faqat 6 o‘yinda qatnashgan (ikki o‘yinni u tovonidagi jarohat tufayli o‘tkazib yuborgandi) va jami 7 gol urgan. U guruh bosqichida «Marsel»ga ikki marta dubl qayd etgan «Tsyurix» darvozasini ikki marta ishg‘ol etgan, yettinchi golni «Lion»ga urgan.

2010/11 yilgi mavsum – 6 gol
Keyingi yili Krishtianu Chempionlar ligasida 12 o‘yin o‘tkazdi. «Real» yarim finalga chiqdi va «Barselona»ga duch keldi. Katalonlar jamoasiga qarshi o‘yinlarda u gol urmadi, chorak finalda «Tottenhem»ga qarshi har ikki o‘yinda bittadan gol urdi. Bundan tashqari u «Ayaks»ga ikkita, «Milan» va «Oser»ga bittadan gol urgandi.

2011/12 yilgi mavsum – 10 gol
«Real» va Ronaldu yana yarim finalda to‘xtatildi, bu safar «Bavariya» tomonidan. Krishtianu guruh bosqichida ikki o‘yinda qatnasha olmadi. U 10 o‘yinda 10ta gol urdi. Portugaliyalik futbolchi bu o‘yinlarda 4 marta dublga erishdi – «Lion», TsSKA, APOEL va «Bavariya»ga qarshi o‘yinlarda. U shuningdek, «Ayaks» va TsSKA bilan bo‘lgan o‘yinlarda bittadan gol urdi.

2012/13 yilgi mavsum – 12 gol
«Real» yana Chempionlar ligasi yarim finalida yurishini to‘xtatdi, Yurgen Klopp boshchiligidagi Dortmundning «Borussiya»si bu safar madridliklar yo‘lidan chiqqandi. Ronaldu bu mavsumda ham har o‘yinda o‘rtacha bittadan gol urgandi. Guruh bosqichida u to‘rt marta «Ayaks» darvozasini ishg‘ol qildi (Amsterdamda het-trik va Madridda bitta aniq zarba), «Manchester Siti» va Dortmundning «Borussiya»siga bittadan gol urdi. Pley-offda Krishtianudan uning sobiq klubi «Manchester Yunayted» jabrlandi (ikki marta), u «Galatasaroy»ga (uchta) va Dortmundning «Borussiya»siga (bitta) ham gollar urdi.