Krishtianu Ronaldu milliy jamoadagi faoliyatini yakunlashi bilan bogʻliq mavzuda yangidan yangi gaplar chiqib kelmoqda. Portugaliya nashrlari qayd etishicha, milliy jamoa bosh murabbiyi Jorje Jezush 41 yoshli forvard tarkibga qaytishi uchun undan omma oldida uzr soʻrashga tayyor. Bu vaqtda esa oʻzboshimchalik bilan jamoa qarorgohini tark etgani uchun futbolchiga diskvalifikatsiya tahdidi yuzaga kelgan.
Murabbiy Krishtianuning ortidan aeroportga otlangan
Ronaldu va Jezush oʻrtasidagi mojaro choʻqqisi 30-sentabr kuniga toʻgʻri keldi. Murabbiyning Daniyaga qarshi oʻyindan oldingi matbuot anjumanida aytgan soʻzlaridan keyin futbolchi narsalarini yigʻishtirgan va milliy jamoa qarorgohidan ketib qolgan. Uni olib ketish uchun aeroportga xususiy jet chaqirilgan.
Marca nashri yozishicha, Jorje va Portugaliya futbol federatsiyasi (FPF) rahbari Pedru Proensa Ronalduni fikridan qaytarish uchun uning ortidan aeroportga yoʻl olishgan. Lekin bu harakat yordam bermagan: futbolchi ularni eshitishni ham istamagan va uchib ketgan.
FPF reglamentiga koʻra, Krishtianu bir oydan olti oygacha muddatga diskvalifikatsiya qilinishi, shuningdek, unga jarima qoʻllanishi kerak.
«Terma jamoaga chaqirilganidan soʻng oʻzboshimchalik bilan jamoa joylashgan hududni tark etgan yoki milliy jamoalar ishtirokidagi mashgʻulotlarga, oʻyinlarga yoki boshqa tadbirlarga uzrli sabablarsiz kelmagan futbolchiga bir oydan olti oygacha diskvalifikatsiya qoʻllanadi», – deyilgan federatsiya reglamentida.
Jurnalist Pedro Sepulveda Portugaliyadagilar afsonaviy futbolchi bilan munosabatlarni saqlab qolish uchun yana bir urinib koʻrishga tayyorligi haqida xabar berdi. Uning aytishicha, Jezush Millatlar ligasi guruh bosqichi doirasida Daniyaga qarshi kechadigan oʻyindan keyinoq Krishtianudan uzr soʻrab, uni milliy jamoadagi faoliyatini yakunlash qarorini oʻzgartirishga undamoqchi.
Bu vaqtda O Jogo nashri Ronaldu qarori «qayta koʻrib chiqmasligi» haqida yozgan. Forvard «oʻzini xiyonatga uchragandek» his qilmoqda.

Nimalar boʻldi?
Murabbiy va futbolchi oʻrtasidagi muammo Millatlar ligasi guruh bosqichi 2-turida Norvegiyaga qarshi kechgan oʻyinda (2:1) boshlangandi. Jezush oʻsha oʻyinda Ronalduni boshlangʻich tarkibga kiritmagandi, shu bilan birga, unga ikkinchi boʻlimda maydonga tushirishni vaʼda qilgandi. Ammo amalda murabbiy uni oʻyin oxirigacha zaxira oʻrindigʻida qoldirdi va Krishtianu buni kelishuvni buzish deb hisobladi.
















