Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisiga kiritilayotgan bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi. Bu haqida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmatida xabar berildi.
Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan ishlab chiqilib, ikkinchi o‘qishda havola etilayotgan “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish, o‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi fraksiya a'zolarining qizg‘in muhokamalariga sabab bo‘ldi.
Qonun loyihasini qabul qilishdan asosiy maqsad ziddiyatlarni, noaniqliklarni bartaraf etish, qonunlarning to‘g‘ri ijro etilishini ta'minlovchi, ularning qo‘llanilishini yengillashtiruvchi normalar va qoidalarni o‘zaro muvofiqlashtirish, shuningdek, huquqni qo‘llash amaliyoti samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Fraksiya a'zolari O‘zbekiston “Adolat” SDP iqtisodiyotning ekologik jihatdan mutanosib rivojlanish tarafdori ekanligi, ekologik muammolarni hal etishda o‘z sa'y-harakatlarini, birinchi navbatda ushbu muammolarning iqtisodiy jihatlariga qaratishi hamda o‘simlik va hayvonot dunyosi daxlsizligini ta'minlashda mutasaddi tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik qilishini qayd etishdi.
Ta'kidlash joizki, “Adolat” SDP Saylovoldi dasturida energiya hajmini kamaytirish, qat'iy tejash tartibi, ishlab chiqarish xarajatlari va mahsulot tannarxini kamaytirish, qayta tiklanadigan noan'anaviy energiya manbalaridan foydalanishni asoslash mexanizmlarini ishlab chiqish va tadbiq etish, energiyaning mavjud barcha muqobil turlarini kompleks ravishda rivojlantirish orqali raqobatli energetika bozorini tashkil etishni rag‘batlantirish masalalari qo‘llab quvvatlanishi belgilangan. Shundan kelib chiqib, yig‘ilish kun tartibidagi “O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 275 va 290-moddalariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi fraksiya a'zolarining qizg‘in muhokamalari markazida bo‘ldi.
Mamlakatimizda muqobil energiya manbalaridan keng foydalanishni rag‘batlantirish maqsadida qonun loyihasi bilan turar joylarda muqobil elektr energiya manbalaridan foydalanadigan jismoniy shaxslarga mol-mulk va yer soliqlaridan ozod qilish shaklida imtiyozlar berish ko‘zda tutilayotgani partiya dasturiy maqsadlariga to‘liq mos ekanligi deputatlar tomonidan alohida qayd etildi.















