Rossiya-Ukraina urushi
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 20-oktabr kuni Osloda AQSH prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan urushni tugatish boʻyicha muzokara oʻtkazdi. Uchrashuvda Yevropa Ittifoqi va NATO vakillari ham ishtirok etgan. «Tinchlik olib kelishga yordam beradigan barcha aloqalarni saqlab qolyapmiz», dedi Zelenskiy Osloga yetib kelgach.
Axiosʼga koʻra, Uitkoff bugun Sankt-Peterburgga kelib Vladimir Putin bilan uchrashadi. Unga Osloda muhokama qilingan – urushni tugatish boʻyicha yangilangan rejani taqdim etadi.
Mumbayda boʻlib turgan AQSH davlat kotibi Marko Rubio Ukraina uchun yevropaliklar pulini toʻlagan havo hujumidan mudofaa raketalarining bir partiyasi yetkazilmagan boʻlishi mumkinligini tan oldi. Biroq u buning ortida siyosiy maqsad yoʻqligini taʼkidladi.
Kiyev va Vashington oʻrtasidagi munosabatlar 9-oktabrda AQSH va Rossiya oʻrtasida dizel yoqilgʻisi boʻyicha kelishuv eʼlon qilinganidan soʻng keskinlashib bormoqda.
AQSH prezidenti Donald Tramp esa kelasi oy Osiyoga safari chogʻida Xitoy raisi Si Jinping va Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uch tomonlama uchrashuv oʻtkazishga tayyorligini aytdi. Tramp jurnalistlarga uchrashuvda yadro quroli va qurolsizlanish masalasi koʻrilishini, agar Si buni xohlasa, oʻzi roziligini bildirdi.
Oldinroq rasmiy Moskva uch yetakchi Xitoydagi sammit doirasida uchrashishi mumkinligini maʼlum qilgandi. WSJ'ga koʻra, Putin bunday uchrashuvdan Zelenskiysiz, Moskva uchun foydali tinchlik kelishuviga erishish uchun foydalanmoqchi.
Britaniya Saudiyani himoya qilmoqchi
Buyuk Britaniya Saudiya Arabistoni shaharlari va muhim infratuzilmasini husiylarning havo hujumlaridan himoya qilish uchun «Typhoon» qiruvchi samolyotlarini yuboradi.
Britaniya mudofaa vazirligiga koʻra, Qirollik harbiy-havo kuchlarining qiruvchilari faqat mudofaa vazifasini bajaradi va husiylarga qarshi hujumlarda qatnashmaydi. London husiylarning hujumlari mintaqa barqarorligiga tahdid solayotganini, energiya taʼminoti va savdo yoʻllarini izdan chiqarish xavfini tugʻdirayotganini taʼkidlamoqda.
«Husiylarning ittifoqchimiz Saudiya Arabistoniga davom etayotgan hujumlari mutlaqo jirkanch», dedi Buyuk Britaniya mudofaa vaziri.
Reutersʼning yozishicha, yordam Saudiya hukumati soʻroviga javoban koʻrsatilmoqda. London, shuningdek, Saudiyaga A400M «Atlas» transport samolyoti va harbiy maslahatchilar yuboradi. Sentabrda eʼlon qilingan yordam doirasida Britaniya havoda yoqilgʻi quyadigan «Voyager» samolyotini yuborgandi, ammo qiruvchilar haqida gap boʻlmagan.















