10:44 / 23.03.2018
18781

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi avtobus qatnovi qachon yo‘lga qo‘yilishi aytildi

Foto: Asian Express Terminal

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi avtobus qatnovi kelasi oydan boshlab qayta tiklanadi, deya xabar berdi «Asian Express Terminal» transport kompaniyasi rahbari Sulton Kamolov 22 mart kuni.

Uning so‘zlariga ko‘ra, avtobuslar Dushanbedan Denov va Termizga, Panjikentdan Samarqandga va Xo‘janddan Toshkent hamda Farg‘onaga yo‘l oladi. Biroq, hozircha tojik va o‘zbek transport xodimlari shaharlararo avtobuslar bo‘yicha tariflarni kelishib olmadi.

«Biz tariflar bo‘yicha kelishishimiz kerak, chunki o‘zbek kompaniyalari ham ushbu yo‘nalishda yo‘lovchilarni tashiydi. Yaqin kunlarda bizning kompaniyamiz delegatsiyasi Toshkentga tashrif buyuradi va umid qilamanki, biz o‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan shaharlararo avtobuslarda qatnov uchun tarif to‘g‘risida yakuniy kelishuv tuzamiz», - dedi Sulton Kamolov. 

Shuningdek, uning xabar qilishicha, «Asian Express Terminal» Toshkent bilan «O‘zavtosanoat» tomonidan ishlab chiqarilgan 200ta avtobusni sotib olish bo‘yicha shartnoma imzoladi. «Yaqinda Dushanbega avtobuslar kolonnasi yetib keladi», - deydi «Asian Express Terminal» kompaniyasi rahbari.

Tojikiston Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi Chegara qo‘shinlari bosh boshqarmasi matbuot kotibi Muhammadjon Ulug‘xo‘jayevning 22 mart kuni ma'lum qilishicha, avtobuslar yo‘lovchilarida davlat chegarasini kesib o‘tishda hech qanday muammolar bo‘lmaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, nazorat o‘tkazish punkti hududida yo‘lovchilar avtobusdan chiqishadi va chegara hamda bojxona nazoratidan o‘tgach, safarlarini davom ettiradi.

O‘zbekiston va Tojikiston shaharlari o‘rtasida avtobus qatnovi va muntazam aviareyslar Tojikistonda fuqarolik urushi boshlanganidan so‘ng, 1992 yilda to‘xtatilgan. O‘tgan yilning aprel oyidan boshlab Dushanbe va Toshkent o‘rtasida 25 yillik tanaffusdan keyin havo qatnovi ochildi.

Top