Soʻrovda qatnashganlarning ayrimlari yoʻlkiraning oshishini tabiiy holat deb hisoblashini aytdi. Ularning fikricha, transportning oʻz xarajatlari bor va tarif oshishi shu xarajatlarni qoplashga xizmat qilishi mumkin.

«Zamon talabi, hamma joyda narx-navo koʻtarilyapti. Transportning oʻz xarajatlari bor», - deydi soʻrov ishtirokchilaridan biri.

Yana bir fuqaro metro va transport tizimining xarajatlarini hisobga olib, yangi tarifni tushunish mumkinligini aytdi. Uning fikricha, amaldagi narx transport xarajatlarini toʻliq qoplamasligi mumkin.

Ayrimlar esa elektron toʻlovdagi chegirmalar va imtiyozlar sabab yangi tarifni unchalik sezmasligini bildirdi. «Agar hozirgidek ATTO kartalarda yoki qaysidir bank kartalarida skidkalar boʻlsa, masalan, 990 soʻmlik chegirmalar boʻlsa, men uchun unchalik sezilmaydi. Shu chegirmalar boʻlsa, yoʻlkiraning oshishi katta farq qilmaydi», - dedi fuqarolardan biri.

Soʻrovnomada qatnashganlarning barchasi ham bu fikrda emas. Ayrim respondentlar hozirgi 1 700 soʻmlik tarifni saqlab qolish kerakligini, ayniqsa, talabalar va jamoat transportidan koʻp foydalanadigan qatlam uchun bu sezilarli taʼsir qilishi mumkinligini bildirdi.

«Studentlarga qiyin boʻladi. Oʻqish bilan birga ishlaydiganlar ham bor, shuning uchun qiyinroq boʻladi», - dedi soʻrov ishtirokchilaridan biri.

«Sifatni oshirish, transport sifatlarini yaxshilash boʻlishi kerak», - dedi respondentlardan biri.

Eslatib oʻtamiz, 2023-yil 1-noyabrdan poytaxtda avtobus va metrodan foydalanishda yoʻl haqi naqd shaklda toʻlanganda 2000 soʻm, ATTO yoki bank kartasi orqali toʻlanganda esa 1700 soʻmni tashkil etishi belgilangandi.

Bunga qadar Toshkentda avtobus va metro yoʻl haqi 1 400 soʻm boʻlgan va bu tarif 2019-yil 15-avgustdan amal qilgan.