10:39 / 30.03.2018
58517

OTMda «oshirilgan to‘lov-kontrakt» asosida o‘qish: to‘lov tafsilotlariga aniqlik kiritildi

Foto: KUN.UZ

Moliya vazirining buyrug‘i bilan Oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalarida o‘qitishning to‘lov-kontrakt shakli va undan tushgan mablag‘larni taqsimlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Norma yozmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2017/2018 o‘quv yilidan boshlab oliy ta'lim muassasalarida oshirilgan kontrakt stavkalari bo‘yicha qo‘shimcha ravishda o‘qishga qabul qilish joriy etildi. Tanlovdan o‘ta olmagan abituriyentlar undan foydalanishi mumkin.   

Qabul qilingan hujjatda oliy ta'lim muassasalari va talabalar o‘rtasidagi o‘zaro moliyaviy munosabatlar tafsilotlari tartibga solingan.

Birinchidan, o‘qish uchun oshirilgan kontrakt stavkasi o‘quv yili davomida o‘zgarishi mumkin emasligi belgilandi. Qiyoslash uchun: o‘quv yili davomida ish haqi va stipendiyalar oshirilsa, energiya resurslari, kommunal va ekspluatatsiya xizmatlarining narxlari va tariflari oshsa, oddiy kontrakt miqdori oshishi mumkin. Bu holda o‘quv yilining qolgan davri uchun qayta hisob-kitob amalga oshiriladi, farq esa 1 oy muddatda qo‘shimcha ravishda to‘lanadi.  

Ikkinchidan, oshirilgan kontrakt stavkalari bo‘yicha qo‘shimcha qabul natijasida o‘qishga kirgan talabalarga stipendiya darslarga qatnashishlariga ruxsat berilgan oyning birinchi sanasidan boshlab to‘lanishi belgilandi. Ilgari oshirilgan kontrakt summasi bunday buyruq qabul qilingan sanadan qat'i nazar, to‘liq to‘lanishi belgilangan edi.   

Uchinchidan, oshirilgan kontrakt summasi 1-kurs uchun to‘liq to‘lanishini (2-kursdan semestrlar bo‘yicha oddiy kontrakt to‘lanadi) hisobga olgan holda quyidagicha aniqlik kiritildi: «oshirilgan to‘lov-kontrakt» to‘lovchi o‘quv intizomini va ichki tartib-qoidalarni buzganligi, darslarni uzrli sabablarsiz 74 soatdan ortiq qoldirganligi, akademik qarzdor bo‘lganligi sababli 1-kursning birinchi semestri davomida talabalar safidan chetlashtirilganda, oshirilgan to‘lovi summasining 50%i qaytarib berilmaydi.

Biroq talaba o‘z xohishiga binoan, o‘qishning boshqa ta'lim muassasasiga ko‘chirilishi munosabati bilan, salomatligi tufayli (tibbiy komissiya ma'lumotnomasi asosida), sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganligi munosabati bilan yoxud vafot etganligi sababli talabalar safidan chetlashtirilganda to‘lovning bir qismi qaytarib beriladi. Qaytariladigan to‘lov miqdori o‘quv yilining oxiriga qadar qolgan oylar sonini oshirilgan kontrakt stavkasining 1/12 qismiga ko‘paytirish orqali aniqlanadi.

To‘rtinchidan, oshirilgan kontrakt stavkalari bo‘yicha to‘lovdan tushgan mablag‘lardan oddiy to‘lov-kontrakt mablag‘lari singari maqsadlarda foydalanilishi mumkinligi haqida aniqlik kiritildi.

Bundan tashqari, endi o‘quv yili davomida o‘qishga qabul qilingan yoxud tiklangan talabalarga stipendiya faqat o‘quv yilining oxiriga qadar qolgan davr uchun tayinlanadi.

Hujjat 28.03.2018 yildan kuchga kirdi.

Top