“Biz AQSh tomonidan ko‘rilgan choralar 1994 yilgi savdo qonuni bandlari va kafolatlar haqidagi kelishuvlarga zid, deb hisoblaymiz”, deb aytilgan bayonotda.
AQSh o‘z harakatlarini milliy xavfsizlik bilan asoslab, martda po‘lat importiga 25 foiz va alyuminiy importiga 10 foiz boj to‘lovi kiritdi. Biroq Oq uy Argentina, Avstraliya, Braziliya, Kanada, Meksika, Janubiy Koreya va Yevropa davlatlariga boj to‘lovi amal qilishini 1 maygacha to‘xtatdi.
Xitoy bunga javoban AQShdan import qilinuvchi 128 nomdagi mahsulotga boj kiritdi. 120 ta nomdagi mahsulotga boj 15 foizni, 8 nomdagi mahsulotga esa 25 foizni tashkil qiladi. Bu mahsulotlar umumiy qiymati 2,75 mlrd dollarni tashkil qilib, bojlar ko‘tarilishidan AQSh kompaniyalari 611 mln dollar zarar ko‘radi.
Bundan tashqari, AQSh prezidenti Donald Tramp 23 mart kuni “Xitoyning iqtisodiy tajovuziga qarshi kurash to‘g‘risida”gi memorandumni imzoladi. Bu hujjat Xitoydan keltiriluvchi mahsulotga cheklovlar kiritishga imkon beradi. Trampning aytishicha, bundan Xitoy 60 mlrd dollar yo‘qotishi mumkin.











