20:38 / 04.04.2018
6227

O‘zbekiston 5 yil ichida mintaqalararo xavfsiz tranzaksiyalarni ta'minlovchi «bank xab»iga aylan​ishi mumkin

Foto: parliament.gov.uz

O‘zbekistonda mahalliy va xalqaro bank kartalari bo‘yicha hisob-kitoblar ishtirokchilari o‘rtasida axborot va texnologik o‘zaro munosabatlarni ta'minlaydigan Milliy bank protsessing markazini yaratish Kontseptsiyasi ishlab chiqilishi nazarda tutilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Bank xizmatlari ommabopligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida shunday deyiladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Axborot xizmatining ma'lum qilishicha, O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida deputatlar bir qator qonun loyihalari, qabul qilingan qarorlarning mazmun-mohiyatini muhokama etdi.

Xususan, yuqorida ta'kidlangan qaror bilan O‘zbekistonda Milliy bank protsessing markazini yaratish Kontseptsiyasi ishlab chiqilishi nazarda tutilmoqda. Bunday amaliyotni mintaqada birinchi bo‘lib qo‘llanilishi, mamlakatni yaqin 5 yil ichida Markaziy Osiyodagi mintaqalararo xavfsiz tranzaksiyalarni ta'minlovchi «bank xab»iga aylantirishi mumkin.

Shuningdek, yig‘ilish davomida deputatlar «Rekruting  faoliyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini muhokama qilib, o‘z nuqtai nazarini belgilab oldilar. Unda bozor sharoitlariga muvofiq bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, bandlikka ko‘maklashish bo‘yicha xizmatlar bozorida raqobatbardosh muhitni yaratish masalalari ilgari surilgan bo‘lib, O‘zbekistonda rekruting agentliklari faoliyati bilan bog‘liq munosabatlar qonunchilik bilan tartibga solinmoqda.​

Top