12:47 / 04.04.2018
6496

O‘zbekiston va Afg‘oniston AKT vazirliklari o‘rtasida memorandum imzolandi

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Afg‘oniston Islom Respublikasining Kommunikatsiya va axborot texnologiyalari vazirligi o‘rtasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish yo‘nalishida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan «Strategik hamkorlik bo‘yicha anglashuv Memorandumi» imzolandi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar bermoqda.

Mazkur hujjatdan ko‘zlangan bosh maqsad - ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash hamda telekommunikatsiya, axborot texnologiyalari va pochta xizmatlarini rivojlantirishda tajriba almashish, aloqalarni kengaytirishdan iborat. Memorandumda, shuningdek AKT sohasida texnik yordam ko‘rsatish masalasi ham ko‘zda tutilgan.

Foto: AKT vazirligi
Foto: AKT vazirligi
Foto: AKT vazirligi

Anglashuv memorandumi asosida tomonlar hamkorlikka oid me'yoriy-huquqiy bazani takomillashtiradilar, o‘zaro daxldor bo‘lgan telekommunikatsiya va aloqa tarmoqlari hamda pochta aloqasi infratuzilmasini maqbullashtirish choralarini ko‘radilar. Xususan, Markaziy Osiyoga O‘zbekiston orqali o‘tadigan pochta tranzitining faoliyati ta'minlanadi. Shu bilan birga, tomonlar AKT sohasining turli yo‘nalishlarida raqobatbardoshlilikni oshirish, «elektron hukumat» yo‘nalishida hamkorlik qilishni kelishib oldilar.

Imzolangan Memorandum asosida afg‘onistonlik talabalarning Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda Toshkent shahridagi Inha universitetlarida ta'lim olishlarini tashkil qilish masalasi ham o‘rganib chiqiladi.

Shuningdek, muzokaralar asosida «O‘zbektelekom» AK hamda Afghan Telecom Corporation o‘rtasida ham «Strategik hamkorlik bo‘yicha anglashuv Memorandumi» imzolandi. Telekommunikatsiya sohasining iqtisodiy yuksalishdagi o‘rni hisobga olinib, tomonlar telekommunikatsiya yo‘nalishida o‘zaro xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar. Unga ko‘ra tomonlar har ikkala mamlakatdagi xalqaro aloqa xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojni tahliliy o‘rganib, shunga ko‘ra maqsadli ravishda «O‘zbektelekom» va Afghan Telecom Corporation kompaniyalarining telekommunikatsiya tarmoqlari o‘rtasidagi o‘zaro trafik o‘tkazuvchanligini oshirish kelishib olindi.

 

Top