Andijon viloyat yuqumli kasalliklar şifoxonasidagi tört yoşli bolakay Özbekiston hududida bir neça ön yillardan beri kuzatilmagan yuqumli – difteriya, ya'ni böğma kasalligida gumon qilinayotgani haqida uning otasi bizga 7 may kuni xabar bergan edi.

“Muxbir aka, öğlimga vraçlar aniq diagnoz qöya olişmayapti. Biri sakson foiz  difteriyaga gumon  va tezda  zardob (syvorotka) topiş kerak deydi. Lekin, yana boşqasi ötkir tomoq anginasi taşxisini qöyyapti. Biz ayolim bilan nima qilişni bilmayapmiz”, - deya qönğiroq qilgandi.

Öşa vaqtning özida  şifoxona boş şifokori Mahmudjon Yunusov bilan boğlanganimizda tibbiyot xodimi Davlat sanitariya epidemiologiya nazorati markazi laboratoriyasidan  tahlil natijalari çiqmagunça bolaga aniq diagnoz qöyiş qiyin ekanligini aytgandi.  

 Hozirda şifoxonaning karantin bölimida davolanayotgan bola muzqaymoq va qulupnay yeganidan keyin bezovta bölgan va dadasi öğlining tomoği yiringlab ketganini körib, viloyat yuqumli kasalliklar şifoxonasiga olib kelgan. Şundan söng mutaxassislardan biri bola holatini tekşirib difteriyaga gumon borligini aniqlaydi.

 Ota-ona hayron, çunki aynan şu kasallikka qarşi zardob (sivorotka) mamlakatimizda umuman yöq ekan. Dadasiga vraçlar har ehtimolga qarşi zardob topiş kerakligini aytgaç, u boşqa yurtdagi döstlariga izlatişni boşlaydi. Biroq, mutaxassislar kasallik varaqasiga difteriya diagnozi qöyişmaydi. Çunki, hali analiz (tahlil) natijalari çiqmagan.        

 “Kasalxonaga kelganimizning bugun uçinçi kuni, biroq Andijon viloyati Davlat sanitariya-epidemiologiya markazi tomonidan analizlar hali çiqmadi. Aytişlariça, ertaga aniq bölar emiş. Farzandim soğligidan xavotirim oşib boryapti”, – deydi bemorning dadasi.

 Kasallikni aniqlaş uçun bolaning tomoğidan bakteriologik tekşiruv uçun surtma olinib, maxsus ozuqaviy muhitga qöyilar ekan. Agar öşa muhitda bakteriya ösib çiqsa, demak kasallik aniqlangan böladi.

  Yuqumli kasalliklar şifoxonasi boş şifokori örinbosari Ğofirjon Ibragimov bilan suhbatlaşganimizda bemor bolakayning tomiridan kuniga ikki marta “Ultrapim”, bir marta “Fulikanazol” dori yuborilayotgani, glyukoza 5%-200 mldan bir mahal, “Piobakteriofag” ikki marta içişga berilayotgani va tomoqqa aerozol sepilayotganini aytdi. “Bolakayning umumiy holati yaxşilanib borib, tomoqdagi yiringlar ozayib boryapti. Tana harorati normal holatda. Toşkentdan eng malakali mutaxassislar kelib, tekşiruvlar ötkazişdi”,-dedi vraç.