Ma'lum qilinishicha, 2012 yildan buyon qamoq jazosini o‘tab kelayotgan Ravshan Muhiddinov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni amalga oshirganlikda ayblanib, sudlangandi.

Joriy yilning 8 may kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida sobiq vazir Muhiddinov reabilitatsiya qilinib, unga nisbatan amnistiya akti qo‘llanildi.

Ma'lumot uchun, u 2000-2005 yillar Jizzax viloyati prokurori, 2006 yilga qadar Prezident devonida mas'ul xodim, 2006-2007 yillarda esa Bosh prokuror o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. Shundan so‘ng, 4 yil davomida Adliya vaziri sifatida faoliyat ko‘rsatgan Muhiddinov 2011 yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi etib tayinlangandi.

Ravshan Muhiddinov qamoqqa olinishidan avval Toshkent viloyati prokurori sifatida faoliyatini davom ettirayotgan bo‘lgan. U 2012 yil 16 fevral kuni bir qator jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, 15 yil ozodlikdan mahrum etilgandi.

Hukumatga yaqin Kun.uz ​axborot manbasining ta'kidlashicha, Muhiddinov sobiq MXX va o‘sha davrdagi Bosh prokuratura tizimiga qarshi kurash e'lon qilgan ilk rasmiylardan biri edi.