KUN.UZ tahririyatiga kelgan murojaat ortidan Andijon viloyati, Xonobod shahri tomon yo‘l oldik. O‘rganishlarimiz shuni ko‘rsatdiki, mazkur muammo bugun paydo bo‘lmagan va yechimi ham murakkab emas. Faqat Xonobod shahar hokimi va mutasaddilari vaziyatga oqilona yondashib harakat qilsalar bo‘lgani ekan.    

Muammoning boshlanishi

Toshkent shahar xo‘jalik sudining 2014 yil 14 sentabr kungi 10-1618/14799 sonli sud hal qiluv qarori bilan Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumanidan davlat ro‘yxatidan o‘tgan Andijon viloyati, Xonobod shahar “Koinot” ko‘chasi 41-manzilda joylashgan “Xonobod broyler” MChJ bankrot deb e'tirof etilib, tugatishga doir yurituv boshlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi “Bankrotlik to‘g‘risida”gi Qonun talablariga muvofiq, qarzdorga tegishli bo‘lgan ko‘char mol-mulklar “Universal auksion invest” MChJ tomonidan 2017 yil 13 yanvar kuni o‘tkazilgan ochiq auksion savdolar orqali sotilgan.

Azizbek Turg‘unov va boshqalar 2017 yil 13 yanvar kuni Toshkent shahar xo‘jalik sudining hal qiluv qaroriga asosan bankrot, deb e'tirof etilgan “Xonobod broyler” mas'uliyati cheklangan jamiyatining ko‘char mol-mulklarini auksionda sotib oladi.

Bir qarashda hammasi oydin: bankrot bo‘lgan tashkilotga tegishli mol-mulk kimoshdi savdosida sotildi va endi uni sotib olgan fuqaro o‘sha qonuniy sotib olingan ma'lum qiymatga ega mulkni olib chiqib ketishi kerak. Lekin unday bo‘lmadi...

Sotib olganlar bilan hokimlik va IIB o‘rtasidagi kelishmovchilik

Tashkilot bankrotga uchrab, mulklari sotib bo‘lingach, maydonga tuman hokimligi chiqib keladi. Ularning fikriga ko‘ra, auksionda sotilgan mulk, ya'ni elektr kommunikatsiya uskunalari juda arzon narxda sotilgan va agar o‘sha mulk olib chiqib ketilsa, “Fozilmon naslli parranda” kompleksida ijarada faoliyat yuritayotgan “Andijon parranda invest” tomonidan yetishtirilayotgan parrandalar va inkubatordagi jo‘jalarga zarar yetkaziladi. Holbuki, “Xonobod broyler” tugatish sudi boshqaruvchisi tomonidan mulk sotishdan oldin kompleksdagi jamiyatlarga: “O‘zlaring sotib olinglar”, deya ko‘p bora ogohlantirish berilgan va mulk auksionda sotilmay 6 oy davomida turgan.