Normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida Maktabgacha ta'lim vazirligining «Maktabgacha ta'lim muassasasining Vasiylik kengashi to‘g‘risidagi namunaviy nizomni tasdiqlash haqida»gi buyrug‘i joylashtirildi.
Maktabgacha ta'lim muassasasining Vasiylik kengashi to‘g‘risidagi namunaviy nizomga ko‘ra, kengash har bir ta'lim muassasasida jamoatchilik asosida ta'lim-tarbiya jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash hamda unga moliyaviy va huquqiy sohalarda ko‘maklashish uchun tashkil etiladi. Kengash yuridik shaxs hisoblanmaydi.
Kengashning maqsadlari quyidagilardan iborat:
ta'lim muassasasida tarbiyalanuvchilarning to‘laqonli ta'lim-tarbiya olishlari uchun qulay sog‘lom muhitni yaratish;
ta'lim muassasasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, uning faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashish;
ta'lim muassasasi tarbiyalanuvchilarining maktabga tayyorlash
va ma'naviy-ma'rifiy, madaniy hamda sog‘lomlashtirish tadbirlarida ishtirok etishlari uchun shart-sharoitlarni yaxshilashda ta'lim muassasasi mudirasi bilan hamkorlik qilish.
Quyidagilar Kengashning asosiy vazifalari hisoblanadi:
ta'lim-tarbiya ishlarini shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini ko‘zlagan holda amalga oshirishda, shuningdek tarbiyalanuvchilarning har tomonlama kamol topishi uchun shart-sharoitlarni yaxshilashda ta'lim muassasasiga ko‘mak va tavsiyalar berish;
homiylik mablag‘lari hisobidan ta'lim muassasasini moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, uning binosini ta'mirlash va hududini obodonlashtirishga ko‘maklashish;
tarbiyalanuvchilar bilan turli ommaviy tadbirlar, sayohatlar, uchrashuvlar, sog‘lomlashtiruvchi tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazishda ta'lim muassasasi mudirasiga ko‘maklashish.
Kengash qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham amalga oshirishi mumkin.
Maktabgacha ta'lim muassasasi mudirasi tomonidan Kengashni tashkil etish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilishidan o‘n kun oldin yig‘ilish o‘tkazish sanasi, vaqti va joyi to‘g‘risida e'lon, shuningdek mazkur Nizomning nusxasi barchaning tanishib chiqishi uchun ta'lim muassasasida osib qo‘yiladi.







