Jahon | 14:54 / 19.06.2018
12937
2 daqiqa o‘qiladi

DW: yetakchi davlatlar «yadroviy yangilanishni» davom ettirmoqda

Foto: Vladimir Smirnov/TASS

Yadro quroliga ega davlatlar o‘z arsenalini yangilamoqda. Bundan Stokgolm tinchlik muammolarini tadqiq etish xalqaro instituti ma'lumotlari darak bermoqda. Bu haqda Deutsche Welle yozyapti.

2017 yilda BMTda yadro qurolini butunlay taqiqlash to‘g‘risida konvensiya qabul qilindi. Xususan, 122 mamlakat o‘z hududida yadro qurolini ishlab chiqarmaslik va joylashtirmaslik bo‘yicha majburiyatni o‘z bo‘yniga qo‘yadigan bitimni imzoladi. Biroq, bir yil o‘tib bu «yadro qurolisiz dunyo to‘g‘risidagi orzu, o‘tgan yilgi qor kabi erib ketdi», deb yozadi DW.

Stokgolm tinchlik muammolarini tadqiq etish xalqaro institutidan bo‘lgan ekspertlarning hisob-kitobiga ko‘ra, to‘qqizta davlat arsenalida 14,4 mingta yadro quroli birligi saqlanadi. Ular orasida: AQSh, Rossiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Isroil va KXDR.

2016 yil bilan taqqoslaganda yadro quroli hajmi kamayganiga qaramay, ekspertlar mamlakatlar o‘z arsenalini modernizatsiya qilayotgani hamda qurolni yangilayotganidan tashvishda.

Stokgolmdan bo‘lgan olimlar xulosasiga ko‘ra, yana bir tendensiya davom etyapti: mudofaa mahsulotining global savdosi, u so‘nggi o‘n yilda ancha jiddiy tarzda oshdi. Ba'zi davlatlarda bunday vaziyatga oshib borayotgan mudofaa xarajatlari ham sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin, deya ko‘rsatadi ekspertlar.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid