«Dunyo» axborot agentligi xabariga koʻra, fuqaro D.U.ni Oʻzbekistonga qaytarishga Rostov-Dondagi Bosh konsulxona hamda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonasi hamkorligida koʻmaklashilgan.
Vatandosh mehnat faoliyati chogʻida yuz bergan baxtsiz hodisa oqibatida turli tan jarohatlarini olgan. U hududdagi tibbiyot muassasalaridan biriga yotqizilib, zarur muolajalar koʻrsatilgan.
Davolash jarayoni bilan bir vaqtda fuqaroni Oʻzbekistonga qaytarish masalasi ham tezkorlik bilan ishlab chiqilgan. Uning sogʻligʻi va shifokorlar tavsiyalari inobatga olinib, tibbiy evakuatsiya choralari koʻrilgan.
Fuqaroga hamrohlik qilish uchun Oʻzbekistondan maxsus ikki nafar tibbiyot mutaxassisi yetib borgan. Ular parvoz davomida zarur tibbiy nazoratni taʼminlagan.
Barcha tashkiliy ishlar yakunlanganidan soʻng D.U. shifokorlar hamrohligida Mineralniye Vodi–Toshkent aviareysi orqali Oʻzbekistonga qaytarilgan.








