Kolesnikova DWʼga bergan intervyusida Yevropa davlatlari AQŞdan örnak olib, diplomatiya va sanksiyalardan Belarusdagi siyosiy mahbuslar hayotini saqlab qoliş vositasi sifatida foydalanişi zarurligini bildirdi.

U sönggi paytlarda muloqot zarurati haqida köproq gapirayotgani Aleksandr Lukaşenko rejimiga munosabati yumşaganini anglatmasligini taʼkidladi. Faolning aytişiça, qamoqda ötkazgan yillari uning tizimga munosabatini özgartirmagan.

«Biz hozir siz bilan suhbatlaşyapmiz, çunki aynan diplomatiya taʼsir ötkaziş va muayyan maqsadlarga erişiş vositasi sifatida işga solingan», - dedi Kolesnikova.

U özining ozodlikka çiqişini diplomatik muzokaralar samara berişiga misol sifatida keltirdi.

«AQŞning muzokaralar yöli iş berdi»

Kolesnikova Belarus qamoqxonalarida siyosiy sabablarga köra hukm qilingan 800 dan ortiq kişi qolayotganini eslatdi.

«Agar AQŞning muzokaralar yöli iş berganini körib turgan bölsak, demak, undan foydalaniş kerak», - dedi u.

DW maʼlumotiga köra, Vaşington va Minsk örtasidagi muzokaralar natijasida Belarus kompaniyalariga nisbatan sanksiyalarni yumşatiş evaziga qariyb 500 siyosiy mahbus ozod qilingan.

Kolesnikova Yevropa Ittifoqini ham şu kabi yondaşuvdan foydalanişga çaqirdi.

Yevropaning oçiqligi Rossiya taʼsirini kamaytirişi mumkin

Faol Yevropa bilan aloqalarning kengayişini Belarusning kelajagi va mintaqaviy xavfsizlik bilan ham boğladi.

«Yevropaning rejim uçun emas, Belarus va belaruslar uçun oçiqligi mamlakatda Rossiya taʼsir doirasini qisqartirişi mumkin», - dedi u.

Kolesnikova buni Yevropa xavfsizligi tizimi uçun muhim maqsad sifatida baholadi.

U Polşa taşqi işlar vaziri Radoslav Sikorskiyning Belarus taşqi işlar vaziri Maksim Rijenkov bilan yaqinda ötkazgan muzokaralarini ham alohida tilga oldi. Uçraşuv Nyu-Yorkda BMT Boş Assambleyasining 81-sessiyasi doirasida bölib ötgan.

Muzokaralardan keyin Sikorskiy Varşava Minskdagi elçixonasining yangi binosini oçişga tayyorlanayotganini bildirgan edi.