O‘zbekiston | 00:26 / 02.07.2018
11937
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda Yoshlar kuni: Viloyat hokimi yoshlar bilan uchrashdi

Samarqand viloyat hokimligida 30 iyun — yoshlar kuni munosabati bilan «Hokim va yoshlar» uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv asnosida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Samarqand viloyat kengashi raisi Abdullo Aslonov kirish so‘zi bilan chiqib, yoshlarni tabrikladi va viloyat yoshlar ittifoqi tomonidan o‘tgan bir yil ichida bajarilgan ishlar sarhisob qilingan videorolik namoyish etildi.

Jumladan, ayni paytda viloyatning 3 million 270 ming aholisidan 2 million 200 ming nafari yoshlardan iborat ekanligi qayd etildi. Ularning 360 mingdan ziyodi O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi a'zosi ekanligi, «Kamalak» bolalar tashkilotiga a'zolar soni esa 467.654 nafarga yetgani aytib o‘tildi. 

Viloyatda 1659 nafar yosh tadbirkor, 446 nafar yosh fermer va hokazolarga 5 milliard 813 million 200 ming so‘m kredit ajratilgani sanab o‘tildi. O‘tgan bir yil davomida 8422 nafar yoshlar ish bilan ta'minlangan. Bir yil davomida o‘tkazilgan 4391ta turli tadbirlarda 40 mingga yaqin yoshlarning ishtirok etgani qayd etilgan.

Shundan so‘ng viloyat hokimi Turobjon Jo‘rayev O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston yoshlariga bayram munosabati bilan yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti farmoni bilan «Mard o‘g‘lon» davlat mukofoti bilan taqdirlangan samarqandlik yoshlardan Kamoljon Oqilov va Ilhom Bahromovga ko‘krak nishoni, 50 minimal ish haqi miqdoridagi pul mukofoti, shuningdek, mamlakatimiz prezidenti tomonidan taqdim etilgan ismi tushirilgan qo‘l soatlari topshirildi.

Hokim viloyatning eng faol yoshlari bilan yuzma-yuz tarzda suhbatlashdi, ularni qiziqtirgan masalalar yuzasidan muloqot qildi.

Samarqandda Yoshlar kuni markaziy istirohat va shahar saylgohlaridagi tomoshalar, chiqishlar va ko‘rgazmalar bilan davom ettirildi. Kechqurun markaziy istirohat bog‘idagi «Mo‘'jiza» amfiteatrida bayram konsert dasturi bilan davom ettirildi.

Mavzuga oid