Vazirlar Mahkamasining “Milliy haydovchilik guvohnomasining hamda avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning yangi namunalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2017 yil 2 martdagi 116-son qarori bilan milliy haydovchilik guvohnomasining hamda avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning yangi namunalari joriy etilgan edi.

Yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalari va avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomalar “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi xalqaro Vena konvensiyasi hamda xalqaro standartlar tavsiyalari asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, qurilmalar o‘rtasida ma'lumotlarni bevosita aloqasiz amalga oshirish imkonini beruvchi maxsus elektron belgi (ya'ni NFC chip) ga ega plastik kartalar shaklida tayyorlanadi.

Amaldagi milliy haydovchilik guvohnomalarini yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalariga almashtirish jarayoni 2017 yil 1 oktabrdan boshlangan bo‘lib, 2020 yil 31 dekabrda tugaydi. Eski namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalari 2021 yil 1 yanvardan boshlab haqiqiy emas deb hisoblanadi.

Avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani yangi namunadagi guvohnomaga almashtirish 2017-2020 yillar mobaynida bosqichma-bosqich – avtomototransport vositasini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazishda amalga oshiriladi.

Yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasining amal qilish muddati 10 yil.

Shuni alohida ta'kidlash lozimki, yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasiga egasining shaxsini tasdiqlovchi rasmiy davlat hujjati maqomi berildi. Boshqacha qilib aytganda, yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik pasportiga tenglashtirildi. Bu esa xalqimiz turmush darajasi va sifatini oshirishda keng imkoniyatlar eshigini ochadi.