O‘zbekiston | 11:00 / 20.07.2018
24409
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident Ulug‘bek shaharchasini kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutiga tashrif buyurdi.

«Energiya hosil qiluvchi quvvatlarni ko‘paytirish, energetika sohasini diversifikatsiya qilish maqsadida mamlakatimizda atom energiya stansiyasi qurishga kirishildi. Yuqori texnologiyalarga asoslangan bu vazifani amalga oshirish uchun zamonaviy bilimlarni chuqur egallagan mutaxassislar talab etiladi. Shu bois Toshkentda Moskva muhandislik-fizika instituti filialini ochish mo‘ljallanmoqda. Ushbu ta'lim muassasasini Yadro fizikasi instituti hududida joylashtirish rejalashtirilmoqda», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Prezident bu boradagi loyihalar bilan tanishgan. O‘quv binolari va laboratoriyalarni jahon standartlari asosida qurish, eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash zarurligini ta'kidlagan.

Prezident Yadro fizikasi instituti joylashgan Ulug‘bek shaharchasining Bosh rejasini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq bergan.

«Bu shaharcha olimlar shaharchasi bo‘lishi kerak. Yaqin vaqtlarda bu yerga boshqa ilmiy-tadqiqot institutlarini ham ko‘chiramiz. Olimlar uchun, ilm-fan rivoji uchun hamma sharoitlarni yaratib beramiz», degan Shavkat Mirziyoyev.

Prezident shaharcha hududini kengaytirib, institutlar uchun binolar, yangi uy-joylar, maktab va dam olish maskanlari qurish, shahar markazi bilan transport qatnovini yaxshilash, yer usti metrosi olib kelish zarurligini ta'kidlagan.