Hafta davomida kutilayotgan ob-havo bilan iqlimshunos Erkin Abdulahatov tanishtiradi.
Qishloq xoʻjaligiga taʼsir. Hafta boshidagi sovish, ayniqsa togʻ va togʻoldi hududlarda, chorvachilik uchun mavsumiy sharoitning oʻzgarganidan darak beradi. Tungi haroratning +3…+8 darajagacha pasayishi chorva mollarini ochiq yaylovlarda saqlash sharoitini qiyinlashtirishi mumkin. Shu bois baland togʻlarda chorva mollarini pastroq hududlarga tushirish, yomgʻirli kunlarda ularni nam va sovuqdan himoya qilish muhim. Yogʻingarchilik esa tuproq namligini tiklash va kuzgi ekinlar uchun foydali boʻlishi mumkin. Biroq togʻlarda yogʻinning koʻp boʻlishi ayrim joylarda tuproq eroziyasi va sel xavfini ham oshirishi mumkin. Dam olish kunlarida haroratning yana +30…+32 darajaga koʻtarilishi esa namlik sharoiti va oʻsimliklarning suvga boʻlgan ehtiyojini yana oʻzgartiradi.
Aholi salomatligiga taʼsir. Hafta boshidagi salqinlikdan keyin qisqa muddatda issiq ob-havoga qaytish organizm uchun yana sinov boʻladi. Ayniqsa bolalar, keksalar, yurak-qon tomir va nafas yoʻllari kasalliklari bor kishilarni ehtiyot qilish, ertalab-kechki salqinlik va kunduzgi iliqlik oʻrtasidagi farqni hisobga olish kerak. Toshkent va Fargʻona vodiysida antitsiklon taʼsirida shamol susayib, havo almashinuvi cheklangan paytlarda havo sifati ham yomonlashishi mumkin. Umuman, bu haftada aholi va qishloq xoʻjaligi uchun asosiy meteorologik omil sovuq, yogʻingarchilik va issiqlikning qisqa vaqtda bir-biri bilan almashishi boʻladi.















