Jahon | 10:17 / 06.08.2018
21045
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya jinoyat olamining yetakchilaridan biri Ispaniyada ushlandi

Foto: Videodan kadr

Ispaniyaning Marbelya shahridagi restoranlardan birida uch nafar qonundagi o‘g‘ri (vor v zakone) qo‘lga olindi. Ularning biri, Ispaniya huquq-tartibot idoralariga ko‘ra, Rossiya jinoyat olamida ta'sir doirasi bo‘yicha uchinchi o‘rinda turuvchi shaxsdir. Bu haqda Europa Press agentligi Milliy politsiya bayonotiga asosan xabar bermoqda.

Barcha uch nafar shaxs qotillikka suiqasd qilish, hujjatlarni soxtalashtirishga va uyushgan jinoyatchilikka aloqadorlikda gumonlanib qamoqqa olindi. Ularni garov evaziga ozod qilish huquqidan mahrum etishdi.

Restoranda gumonlanuvchilar, tergov versiyasiga ko‘ra, Ispaniyaga ko‘chib o‘tish va shu yilning iyun oyida tugatilgan uyushgan jinoiy guruhni qayta tashkil qilmoqchi bo‘lgan raqiblarini o‘ldirishni rejalashtirgan. O‘shanda Ispaniyada keng ko‘lamli amaliyotlar o‘tkazilib, 129 kishi, asosan, armanlar qo‘lga olindi.

Politsiyadan RIA Novosti’ga aniqlik kiritishlaricha, Litvada yashovchi Armaniston fuqarosi - A.S. va Gruziyaning ikki fuqarosi - L.B. hamda I.P. qo‘lga olingan.

Qo‘lga olishlar Ispaniyada xorijiy jinoiy tuzilmalarni yo‘q qilish bo‘yicha amaliyotlarning davomiga aylandi. Uning birinchi bosqichi 2017 yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tgan edi. O‘shanda gruzinlar guruhiga aloqador 30 kishi qo‘lga olindi. 129 kishi qo‘lga olingan ikkinchi bosqichda gruzinlar bilan bog‘liq bo‘lgan armanlar uyushgan jinoiy guruhini yo‘q qilish asosiy maqsadga aylandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid