Qazib olinadigan yonilgʻi hanuzgacha jahon energetikasining asosiy manbalaridan biri boʻlib qolmoqda. Koʻmir, neft va tabiiy gaz elektr energiyasi ishlab chiqarish, ogʻir sanoat, transport hamda neft-kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishda muhim oʻrin tutadi.

Visual Capitalist 2024-yil yakunlari boʻyicha dunyodagi 25 ta eng yirik yonilgʻi ishlab chiqaruvchi davlat reytingini tuzdi. Unda mamlakatlar qazib olgan koʻmir, neft va tabiiy gazning jismoniy massasi hisobga olingan.

Reyting uchun maʼlumotlar Avstriya Moliya vazirligi tomonidan taqdim etilgan. Tabiiy gaz ishlab chiqarish hajmi taqqoslash imkonini berish uchun kub metrdan tonnaga qayta hisoblangan.

Shu oʻrinda muhim jihat bor: reyting mamlakatlar ishlab chiqaradigan energiya hajmini emas, qazib olingan yonilgʻining massasini koʻrsatadi. Chunki bir tonna koʻmir, neft va tabiiy gazdagi energiya miqdori bir xil emas. Shu sababli reytingni davlatlarning umumiy energiya ishlab chiqarishi reytingi sifatida talqin qilish toʻgʻri boʻlmaydi.

2024-yilda Xitoy jami 4,8 mlrd tonna qazib olinadigan yonilgʻi ishlab chiqarib, reytingda katta farq bilan birinchi oʻrinni egalladi.

Xitoyning koʻrsatkichi ikkinchi oʻrindagi AQSH natijasidan ikki barobardan ham koʻp.

Mamlakatning yetakchiligi asosan koʻmir hisobiga taʼminlangan. 2024-yilda Xitoyda 4,4 mlrd tonna koʻmir qazib olingan. Bu mamlakatda ishlab chiqarilgan qazilma yonilgʻining mutlaq katta qismini tashkil etadi.

Shuningdek, Xitoy hissasiga dunyoda qazib olinadigan koʻmirning yarmidan koʻpi toʻgʻri keladi.

Xitoy nafaqat dunyodagi eng yirik koʻmir ishlab chiqaruvchi, balki uning eng yirik isteʼmolchisi ham hisoblanadi. Mamlakatda qazib olingan koʻmirning deyarli barchasi ichki bozorda - elektr energiyasi ishlab chiqarish, sanoat va qayta ishlash tarmoqlari ehtiyojlari uchun sarflanadi.

Reytingda ikkinchi oʻrinni AQSH egalladi. 2024-yilda mamlakatda jami 2,3 mlrd tonna qazilma yonilgʻi ishlab chiqarilgan.

Xitoydan farqli ravishda, AQShda yonilgʻi ishlab chiqarish tarkibi neft, tabiiy gaz va koʻmir oʻrtasida nisbatan muvozanatli taqsimlangan.

Xususan, 2024-yilda AQShda neft qazib olish 948,8 mln tonnani, tabiiy gaz ishlab chiqarish 854,6 mln tonnani, koʻmir qazib olish esa 473,8 mln tonnani tashkil etgan.