Turkiya adliya vaziri Akin Gyurlek 21-avgust, juma kuni uning idorasi mamlakat Içki işlar vazirligiga tegişli murojaat yuborganini maʼlum qildi. Unda Interpoldan Isroil boş vaziri Binamin Netanahuga nisbatan «qizil bildirişnoma» çiqarişni söraş taklif etilgan.
Anqaraning bu qarori avvalroq Istanbul Oliy jinoyat sudi tomonidan Netanahuni hibsga oliş uçun order berilgani bilan boğliq.
Işga 2026-yil may oyida Ğazo sektoriga gumanitar yordam olib borayotgan Global Sumud flotiliyasi Isroil tomonidan töxtatilgani asos bölgan.
Reuters agentligi maʼlumotiga köra, öşa voqealar çoğida Isroil harbiylari xalqaro suvlarda Global Sumud flotiliyasiga tegişli kamida ikkita kemaga öt oçgan. Jami 40 mamlakatdan bölgan 430 nafar faol qölga olingan.
Turkiya adliya vaziri Gyurlek Anqara Isroilni javobgarlikka tortiş uçun mavjud barça huquqiy imkoniyatlardan foydalanişini ham bildirgan.
Isroil boş vaziri devoni esa Turkiya tomonidan bildirilgan ayblovlarni rad etdi va Anqaraning harakatlarini tanqid qildi. Netanahu devoni Reuters agentligiga bergan bayonotida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdöğanning Isroil rahbariyati va harbiylariga bosim ötkazişga qaratilgan urinişlari natija bermasligini bildirgan.
Interpolning «qizil bildirişnomasi» taşkilotga aʼzo davlatlar talabiga binoan çiqariladi. U dunyo mamlakatlarining huquqni muhofaza qiluvçi organlariga muayan şaxsni topiş va ehtimoliy ekstraditsiya masalasi hal etilguniga qadar vaqtinça uşlab turiş töğrisidagi sörov hisoblanadi.
Yaqin Şarqdagi hozirgi mojaroning keskinlaşuvi 2023-yil 7-oktabrda HAMASning Isroilga hujumidan keyin boşlangan. Hujum oqibatida Isroilda qariyb 1200 kişi halok bölgan va taxminan 250 kişi garovga olinib, Ğazo sektoriga olib ketilgan.
Şundan söng Isroil HAMASga qarşi uruş eʼlon qildi va Ğazo sektorida keng kölamli harbiy amaliyotlarni boşladi. HAMAS nazoratidagi Ğazo soğliqni saqlaş idorasi maʼlumotlariga köra, uruş davomida 70 mingdan ortiq falastinlik halok bölgan, 169 mingdan ziyod kişi jarohatlangan. Bu raqamlarda halok bölgan jangçilar va tinç aholi alohida körsatilmaydi.

















