Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh O‘zbekistondagi islohotlar mamlakatni farovonlik davriga olib boradi deb hisoblamoqda
AQSh O‘zbekistondagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlaydi va bu islohotlar mamlakatni rivojlanish va farovonlikning yangi davriga olib boradi deb hisoblaydi. Bu haqda 23 oktabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-AQSh ishbilarmonlar forumida AQSh savdo vaziri Uilbur Ross ma'lum qildi.
Vazir O‘zbekistondagi demokratik islohotlarni olqishladi va oldinga qo‘yilgan vazifalarning amalga oshirilishi yo‘lida qilinayotgan sa'y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
«Bu islohotlar mamlakatdagi biznes va investitsion muhitni yaxshilaydi, mamlakat fuqarolari hamda mintaqadagi qo‘shni davlatlarga manfaat keltiruvchi rivojlanish va farovonlikning yangi davriga olib keladi. Biz maqsadlaringizni amalga oshirish, xususan Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lish maqsadingizni amalga oshirish uchun O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlik qilishga tayyormiz», – dedi Ross.
U bugungi kunda Amerika kompaniyalari O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga yanada kengroq jalb etilgani, AQSh savdo vazirligi esa mintaqada savdoni kengaytirish uchun hukumat bilan faol ish olib borayotganini qayd etdi.
«Oldinda qilinadigan ishlar ko‘p. Prezident Donald Tramp qo‘shni davlatlar bilan «ko‘priklar» bunyod etayotgan Shavkat Mirziyoyevni qo‘llab-quvvatlaydi. Qo‘shma Shtatlar O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida farovonlikning barqaror bo‘lishida juda muhim rol o‘ynashda davom etishiga umid qiladi», – dedi vazir.