O‘zbekiston | 12:42 / 02.11.2018
66002
2 daqiqa o‘qiladi

Foto: Urganch yaqinida ko‘prik qulab tushdi

1 noyabr kuni tunda Urganch - Cholish yo‘lining 10 kilometridagi kanalga qurilgan ko‘prik qisman qulab tushdi. 

«Kun.uz» muxbiri aniqlagan dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, ko‘prik yuk avtomobili og‘irligini ko‘tarolmay, qulab tushgan. Transport vositasi uning ustidan o‘tib ketishga ulgurgan, jabrlanganlar yo‘q.

2 noyabr kuni holatiga Urganch - Cholish yo‘lining 10 kilometri yopib qo‘yilgan, undan Xorazm viloyatini Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumani bilan bog‘lovchi, Amudaryo ko‘prigiga o‘tishning iloji yo‘q. Barcha transport vositalari aylanma yo‘llarga yo‘naltirilmoqda. Fuqarolar esa ko‘prikning butun qolgan qismidan o‘tkazilmoqda.

Amudaryo ko‘prigi shtat rejimida ishlayapti, undan transport vositalari o‘tkazilmoqda.

Hozirgi vaqtda qulab tushgan ko‘prik yonidan boshqa, vaqtinchalik, kichikroq ko‘prikning qurilish ishlari boshlab yuborilgan. Uni 3 noyabr kuni ishga tushirish rejalashtirilmoqda.

Qulab tushgan katta ko‘prikning qachon tiklanishi ma'lum emas.

Mavzuga oid