Global Times xabariga köra, işlar Nantun - Ninbo yuqori tezlikdagi temiryölining asosiy uçastkalaridan birida bajarilgan. Xançjou qöltiği orqali ötadigan majmua dunyodagi eng uzun dengiz ustidan ötuvçi yuqori tezlikdagi temiryöl köprigi bölişi közda tutilgan.

Loyiha şimoliy, markaziy va janubiy kema qatnovi kanallari ustidan ötuvçi uçta köprikni, şuningdek, oçiq suv va sayozliklardagi tutaşuv qismlarini qamrab oladi.

Pölat prolyoti tutaştirilgan janubiy köprikning umumiy uzunligi 814,5 metr, asosiy prolyoti esa 364 metrni taşkil etadi. Uning ostidan dedveyti - yuk, yonilği va boşqa zaxiralarining jami oğirligi - 3000 tonnagaça bölgan kemalar ötişi mumkin böladi.

Quriliş murakkab tabiiy şaroitda olib borilmoqda. Xançjou qöltiğida suvning kötariliş va qaytiş paytidagi sath farqi qariyb töqqiz metrga yetadi. Kuçli oqimlar va şamollar sababli dengizda işlaş uçun qulay vaqt çeklangan.

Yuqori namlik, şör muhit hamda yuviliş va çökindi töplanişi tufayli dengiz tubi relyefining özgarib turişi ham muhandislarga qöşimça qiyinçilik tuğdiradi.

Prolyotni birlaştiriş uçun pölat konstruksiyalarni ikki tomondan bir-biriga qarab suriş texnologiyasi qöllangan. Elementlarni aniq tutaştirişda BeiDou sunʼiy yöldoş navigatsiyasi va raqamli monitoring vositalaridan foydalanilgan.

Tayançlar, pölat konstruksiyalar va vaqtinçalik uşlab turuvçi qismlarga örnatilgan datçiklar metalldagi zöriqiş, vantalardagi kuçlaniş va elementlar siljişi haqida har bir neça millisekundda maʼlumot uzatgan. Maxsus çeklagiç va moslamalar şamol taʼsirini kamaytiriş hamda konstruksiyalar holatini iş jarayonida töğrilaşga yordam bergan.

Tutaştiriş işlari ataylab tunda bajarilgan. Bu vaqtda harorat nisbatan barqaror bölgani uçun metallning issiqlik taʼsirida kengayişi yoki qisqarişi kamroq xalaqit bergan.

Quruvçilar xavfli ob-havo va suv şaroitlari haqida oldindan ogohlantiruvçi tizim ham yaratgan. Iş jadvali joriy vaziyatga qarab özgartirib borilgan.

Endi vantalardagi kuçlanişni bosqiçma-bosqiç sozlaş, tutaşuv uçastkalarini betonlaş, qolgan vantalarni örnatiş va taranglaş hamda doimiy tayanç qismlarini montaj qiliş işlari bajariladi. Şundan söng köprik konstruksiyasi doimiy işlaş sxemasiga ötkaziladi.

Hozirgaça dengizdagi barça qoziqli poydevorlar va tayanç ustunlari qurib bölingan. Biroq uçta kema qatnovi köprigining asosiy konstruksiyalarida işlar hali davom etmoqda.