Samarqandda IIB xodimi bilan ona va o‘g‘il o‘rtasidagi janjal bo‘yicha yangi tafsilotlar ma'lum bo‘ldi
Internet saytlari va messenjer kanallarda «Samarqandda IIB xodimi ayol kishini urib hushidan ketkazgani» haqidagi xabar tarqaldi. Unga ko‘ra, Samarqand shahrining «Hayotobod» mahallasida yashovchi fuqaro Salim Saidovning aytishicha, 19 oktabr kuni soat 21:30 atrofida Samarqand viloyati IIB xodimi Rifat Hasanov uning o‘g‘li — 1998 yilda tug‘ilgan Samariddin Samatov hamda uning onasi (S.Saidovning rafiqasi) Surayyo Ashuraliyevani urgan.
«Ko‘chadagi shovqinni eshitib tashqariga chiqsam, noma'lum erkak o‘g‘limni urayotgan ekan. O‘g‘limga, «mast ekan, indamay uyga kir», deb uni ichkariga olib kirmoqchi bo‘ldim. Shu vaqtda o‘sha fuqaro kutilmaganda chap jag‘imga bir musht tushirdi. Kuchli zarbdan yiqilib tushdim. Yiqilganimdan so‘ng qancha muddat hushimni yo‘qotganimni eslay olmayman. Hushimga kelganimda urgan erkak voqea joyidan qochib ketganini bildim», — degan Surayyo Ashuraliyeva.
Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasi mazkur voqea yuzasidan KUN.UZ’ga ma'lumot taqdim etdi.
Unga ko‘ra, 2018 yilning 19 oktabr kuni, soat 21:30larda, Samarqand viloyati IIB xodimi Rifat Nurmuxamatovich Hasanov fuqarolik kiyimida, xizmatdan tashqari vaqtda, turmush o‘rtog‘i G.Hasanova bilan yashash uyiga, o‘ziga tegishli «Lasetti» rusumli avtomashinasida kelgan vaqtida, uning avtomashinasi turargohida noma'lum «Neksiya» rusumli avtomashina turganini ko‘rib, ushbu avtomashinani avtoturargohdan oldirib, o‘zining avtomashinasini qo‘yish maqsadida, «Neksiya» avtomashinasining qo‘riqlash tizimini ishga tushirganida, shu yerdan o‘tayotgan, Samarqand shahri, Shota Rustaveli ko‘chasidagi xonadonda yashovchi qo‘shnisi Samariddin Samatov kelib, ushbu avtomashinaga teginmaslikni aytib, hech bir sababsiz xodim R.Hasanovga qo‘pol munosabatda bo‘lib, o‘zaro tortishib qolgan.
Shundan so‘ng, ushbu tortishuvga Samariddin Samatovning 2 nafar noma'lum tanishlari va uning onasi Surayyo Ashuraliyeva birgalashib, R.Hasanovning o‘ng ko‘z sohasiga, chap qo‘l barmoqlari, bosh qismiga hamda tanasining boshqa joylariga urib, tan jarohati yetkazgan. Natijada, R.Hasanov 2018 yil 20 oktabr kuni Samarqand viloyati Reabilitatsiya markaziga «o‘ng qosh va o‘ng ko‘z qovoqlari lati, teri osti gematomasi, chap yelka lat yeyishi, chap qo‘l 4-barmog‘ining yopiq sinishi» tashxisi bilan yotqizilgan.
To‘plangan hujjatlarga ko‘ra, o‘zaro janjal vaqtida ichki ishlar organi xodimi R.Hasanovda mastlik alomatlari mavjud bo‘lmagan, u hushyor bo‘lgan, xodim tomonidan Surayyo Ashuraliyevaga hech qanday tan jarohati yetkazilmagani, aksincha Surayyo Ashuraliyeva va uning o‘g‘li Samariddin Samatov javobgarlikdan qutulib qolish maqsadida, bir necha idoralarga murojaat qilgani aniqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 345-moddasi 2-qismida mansabdor shaxslarning jinoyatlariga doir ishlar bo‘yicha dastlabki tergov prokuratura organlarining tergovchilari tomonidan olib borilishi belgilangani sababli, ushbu holat bo‘yicha tekshiruvni prokuratura organlari olib boradi.
Bundan tashqari, e'lon qilingan xabarda faqatgina Surayyo Ashuraliyevaning so‘zlari keltirilgan bo‘lib, bir tomonlama yondashilgan.
Holat yuzasidan viloyat IIB ma'sul xodimlari tomonidan xizmat tekshiruvi hamda Samarqand shaxar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv xarakatlari olib borilmoqda, deyiladi IIB ma'lumotnomasida.