Jahon | 14:24 / 13.11.2018
12167
3 daqiqa o‘qiladi

OAV: Shimoliy Koreya ballistik raketalar dasturi ustida ishlashni davom ettirmoqda

Foto: youtube.com

KXDR o‘zining ballistik raketalar dasturi ustidagi ishlarni davom ettirmoqda, deya xabar qildi NBC News telekanali amerikalik rasmiy shaxslarga asosan.

NBC tomonidan taqdim etilgan, Middlberi xalqaro tadqiqotlar institutining maxsus tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, mamlakat uzoq hududlarida maxfiy harbiy baza mavjud. Tahlilchilar fikricha, Shimoliy Koreya aynan shu bazada Qo‘shma Shtatlarga yetib borishi mumkin bo‘lgan raketalarni joylashtirishi mumkin.

Amerikalik harbiy amaldorlarning qayd etishicha, Shimoliy Koreya 2017 yil sentabridan beri yadroviy sinovlar o‘tkazmagani ijobiy holat sifatida qabul qilinadi, deyiladi materialda.

Biroq, razvedka ma'lumotlari va maxfiy raketa obektlari uzra olingan sun'iy yo‘ldosh tasvirlari mutaxassislar o‘rtasida keng tarqalgan fikrni ta'kidlaydi. Unda bildirilishicha, AQSh prezidenti Donald Trampning dunyo endi Shimoliy Koreya yadroviy dasturidan xavotirga tushmasligi kerakligi haqidagi so‘zlari haqiqatdan yiroqdir. 

Foto: DigitalGlobe
Foto: DigitalGlobe

Iste'fodagi general Barri Makkafrining ta'kidlashicha, qisqa muddatli istiqbolda Shimoliy Koreya AQSh milliy xavfsizligi uchun eng jiddiy tahdid sanaladi.

Vashingtondagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi 12 noyabr kuni hisobot e'lon qildi, unga ko‘ra mualliflar Shimoliy Koreyaning 13ta maxfiy raketa bazasini topishga muvaffaq bo‘lishgan. Shuningdek, tadqiqotchilar hisobotga obektlardan biri - Shimoliy va Janubiy Koreyani ajratib turuvchi qurolsizlantirilgan hududdan taxminan 80 km shimolda joylashgan raketa operativ bazasi bo‘yicha batafsil tahlilni kiritishdi.

Trampning Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In bilan iyunda Singapurdagi tarixiy sammitda ro‘y bergan uchrashuvidan so‘ng, KXDR o‘z yadroviy dasturini tugatmadi, deya ta'kidlamoqda telekanal. Buning o‘rniga, Kim Chen In hamda Donald Tramp Koreya yarim orolining to‘liq yadrosizlanishi ustida ishlashga rozilik bildirib, tegishli deklaratsiyani imzolashdi. NBC qayd etishicha, hujjatning o‘zi ancha noaniq bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq KXDR va Janubiy Koreya avtomobil hamda temir yo‘llarni birlashtirmoqchi ekani xabar qilingandi.

Mavzuga oid