Jamiyat | 12:23 / 11.02.2019
10027
2 daqiqa o‘qiladi

«Toshshahartrans» ma'muriy binosida yong‘in sodir bo‘ldi

Foto: dyxx.uz

2019 yilning 11 fevral kuni soat 08:30da Toshkent shahar IIBB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi Yong‘inni o‘chirish kuch va vositalarini boshqarish va muvofiqlashtirish markaziga Yunusobod tumani, “Buyuk turon” mahallasi A.Temur 1-tor ko‘chasi 6-uyda joylashgan “Toshshahartrans” OAJ binosida yong‘in sodir bo‘layotganligi haqida xabar kelib tushgan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV YoXBB OAV bilan hamkorlik qilish bo‘linmasi ma'lumotiga ko‘ra, xabar asosida yong‘in joyiga zudlikda 5 ta asosiy va 2 ta maxsus yong‘in o‘chirish ekipajlari jalb etilgan. Bo‘linmalar soat 08:35da voqea joyiga yetib kelib, yong‘in soat 08:52da to‘liq bartaraf etilgan. 

Yong‘in “Toshshahartrans” OAJ binosida ijarada bo‘lgan “VY MIRAGE SONSTRUCTION DESIGN” MChJga qarashli mebel ishlab chiqarish korxonasi bosh ofisida yuzaga kelib, oqibatda 60 kv. metr maydonda imoratning tom va shift qismi yonib zararlangan. Tan jarohati olganlar va halok bo‘lganlar yo‘q. Ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida yong‘indan binoning 400 kv. metr maydoni saqlab qolingan. 

Yong‘in holati yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. Yong‘in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid