Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi maʼlumotiga koʻra, 22-avgust kuni soat 08:17 da Chinoz tumani «Bunyodkor» MFY, Sharof Rashidov koʻchasida joylashgan koʻp qavatli uyning tom qismida yongʻin sodir boʻlayotgani haqida xabar kelib tushgan.
Xabar asosida yongʻin-qutqaruv boʻlinmalari zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, yongʻinni bartaraf etish ishlarini boshlagan.
Xavfsizlikni taʼminlash maqsadida koʻp qavatli uyda boʻlgan barcha fuqarolar evakuatsiya qilingan.
FVBBning dastlabki maʼlumotiga koʻra, yongʻin soat 09:10 da qurshab olingan. Keyinchalik boshqarma qoʻshimcha axborot berib, yongʻin soat 09:35 da toʻliq oʻchirilganini maʼlum qildi.
Hodisa oqibatida tan jarohati olgan fuqarolar haqida maʼlumot kelib tushmagan.
Hozirda yongʻin kelib chiqish sababi va yetkazilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.









