22:08 / 26.02.2019
14780

Tanqidga munosabat: Muammolar girdobida qolgan Bog‘i Eram qishlog‘ida qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?

Kun.uz saytida 14 fevral kuni «Andijondagi «unutilgan» mahalla aholisi qanday kun kechiryapti yoxud «Mahallamiz nomini o‘zgartirib berishsin!» sarlavhasi ostida maqola e'lon qilingan edi. Unda Andijon tumani, «Xirabek» MFY, Bog‘i Eram qishlog‘idagi ichimlik suvi, bolalar bog‘chasi, tibbiyot muassasasi muammolari, hududdagi aholi bandligi, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar masalalariga oid kamchiliklar yoritilgandi.

Mazkur maqola keng omma e'tiboriga havola qilingach, Andijon viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov viloyatning turli soha mutasaddilari bilan hududdagi muammolarni o‘rganib chiqib, aholi vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Uchrashuv davomida aholi tomonidan ko‘tarilgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tuzilgan ishchi guruh belgilangan reja bo‘yicha ish olib bormoqda.

Andijon tumani hokimi Ulug‘bek Isomiddinov hududda bir qator ishlar yakuniga yetgani haqida ma'lumot berganidan so‘ng, Bog‘i Eram mahallasiga bordik.

Darhaqiqat, mahallada ichimlik suvi muammosini hal qilish bo‘yicha o‘tgan o‘n kun davomida katta ishlar olib borilgan. Bog‘i Eram hududi adirning yuqori qismida joylashgani sababli, mahalladan 6 kilometr pastga 200 metr balandlikka suv otish quvvatiga ega 45 kVtli suv nasosi o‘rnatilib, uning atrofini qo‘rg‘on devor bilan o‘rash ishlari yakuniga yetgan. 6 kilometr masofaga suv tarmog‘i tortilib, mahallaning asosiy ko‘chalariga jadval asosida ichimlik suvi berish boshlanibdi. Kichik ko‘chalarda quvur yotqizish ishlari davom etmoqda. Suv tarmog‘i bir maromda ishlashi uchun qo‘shimcha 200 million so‘mlik loyiha amalga oshirilgan. Mahalladagi suv inshooti ishga tushib, atrofi qo‘rg‘on devor bilan o‘ralgan.

«Bog‘i Eramda o‘zgarishlar juda katta. Mahallamizga ichimlik suvi yetib keldi. Viloyat hokimi bilan bo‘lgan uchrashuv davomida, boshqa yig‘ilib qolgan bir qator muammolarimizni ham aytgan edik, ular ham hal bo‘ldi»,- deydi faxriy o‘qituvchi Mukarramxon opa Yo‘ldasheva.

Faxriy muallima aytganidek, viloyat va tuman hokimligining tezkor harakatlari natijasida mahallada yashovchi Murodjon Otaxonov o‘z yashash joyida 25 o‘rinli oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasi tashkil etibdi. Bog‘chaga tarbiyalanuvchilar uchun qattiq va yumshoq mebel jihozlari olib kelinib, o‘quv xonalari, dam olish xonalari va boshqa barcha shart-sharoitlar muhayyo qilingan. MTM bugungi kunda bolalarni qabul qilishga tayyor holatda.

Viloyat hokimi bilan bo‘lgan uchrashuv davomida, aholi tomonidan ko‘tarilgan masalaga e'tibor qaratilib, mahalladagi mavjud 50-umumta'lim maktabida ham 800 million so‘mlik rekonstruksiya ishlari boshlangan. Maktabning isitish tizimini yangilash, sport maydonchasini ta'mirlash, tom qismi va eshik romlarini yangilash, hudud atrofini qo‘rg‘on devor bilan o‘rash, hojatxona binosini qurish ishlariga 3ta qurilish tashkiloti jalb qilingan. Ayni paytda o‘quv dargohining tom qismi yopilgan va ta'mirlash ishlari avj pallaga kirgan.  

Ijtimoiy ko‘makka muhtoj fuqaro - Mohinur Mamazoitovaning yashash sharoiti o‘rganilib, ayni paytda ikki xonali uy qurish ishlari boshlangan. Hozirgi kunda inshootning poydevori quyilyapti. Tuman hokimligi vakilining bildirishicha, oila Navro‘z bayrami kuni yangi uyga ko‘chib kirishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Mamazoitovaga ijtimoiy yordam puli ajratilgan.

Aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun mahalla hududida tibbiyot xonasi ham tashkil etilgan.

Mahalla hududidagi lalmi yerlarda dehqonchilik bilan shug‘ullanish uchun fuqarolar – S. Qosimova, A. Hamid o‘g‘liga, A. Ro‘zimatov, N.Adahamjonov, U. Qosimovga vaqtincha foydalanishga tuman hokimining yer uchastkalari berish to‘g‘risida farmoyishi qabul qilingan.

Bog‘i Eramda istiqomat qilayotgan yoshu-qarini yana bir yangilik xursand qilgan. Qarovsiz holga kelgan sobiq sovxoz idora binosi ta'mirlanib, tekstil fabrikasi faoliyatini boshlar ekan. Ayni paytda binoning tom qismida ishlar boshlab yuborilgan.

Mahallaning katta-kichigi to‘plangan joyda bo‘ldik. Otaxonlar va onaxonlar chin ko‘ngildan duo qilishdi.

Matbuotda chiqqan har bir tanqidiy, tahliliy maqolani o‘qib, undan xulosa chiqarib, kamchiliklarni tezkorlik bilan hal qilish xalq dardiga malham bo‘lishdir. Chunki, muxbir kundalik ishi, topshiriqlari juda ham ko‘p bo‘lgan mutasaddilarimizga ularning nigohidan chetda qolgan muammoni xalqning murojaati bilan borib ko‘rsatib beradi.  

Elmurod Ermatov, Andijon

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top