Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o‘tkazilgan navbatdagi “Hukumat soati”ga quyi palatadagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining tashabbusi bilan “Aholini suyultirilgan gaz bilan ta'minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida”gi masala kiritildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, mazkur masala yuzasidan axborot berish hamda deputatlar savollariga atroflicha javob qaytarish uchun quyi palataga O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xo‘jayev taklif etildi.

Vazir o‘z axborotida ta'kidlaganidek, aholi va ijtimoiy soha obektlariga kundalik hayotda foydalanish uchun suyultirilgan uglevodorod gazini yetkazib berish tartibi hamda aholi uchun belgilangan narxlar bo‘yicha iste'mol qiluvchi ijtimoiy soha obektlari ro‘yxati tasdiqlangan. Bu borada hozirgi kunga qadar qator ishlar amalga oshirilgan. Ayni paytda respublika bo‘yicha jami 3,3 millionta suyultirilgan gaz abonenti bo‘lib, gaz ta'minoti korxonalari tomonidan jami 3,4 million dona maishiy gaz ballonlari yetkazib berilgan. Bundan tashqari, aholining shaxsiy 1,1 million dona gaz balloni bor. Ya'ni, abonentlar soniga nisbatan ta'minlanganlik darajasi 137 foizni tashkil etadi. Qolaversa, shu yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, respublika bo‘yicha 2,1 millionta ijtimoiy soha obektlariga suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda.
2019 yilda suyultirilgan gaz manbalari va taqsimoti balansiga ko‘ra, joriy yilda 806,1 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarilib, shundan 474,7 tonnasi yoki o‘tgan yilga nisbatan 60,7 ming tonna ko‘prog‘i aholining maishiy ehtiyojlari uchun yetkazib berilishi belgilangan. Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 oktyabrdagi qarorida suyultirilgan gaz asosan aholining o‘sib borayotgan maishiy ehtiyojlarini qoplash uchun yo‘naltirilishi belgilanganini inobatga olib, suyultirilgan gazni birjada sotish miqdori yildan yilga kamaytirilib borilmoqda.
Ayni yo‘nalishda Hukumat darajasida bir qator hujjatlar qabul qilinganiga qaramay, hududlarda aholi ehtiyojlari uchun suyultirilgan gaz yetkazib berishda ko‘plab kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yilmoqda.
Deputatlar vazirga bu boradagi masalalar, aholini qiynab kelayotgan aniq muammolar xususida savollar bilan murojaat etdilar. Ayniqsa, parlament vakillarining e'tiroziga sabab bo‘lgan masala – tabiiy gaz yetib bormaydigan hududlarni o‘z vaqtida suyultirilgan gaz bilan ta'minlash, gaz ballonlari standartlari va ularning to‘lovi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan izoh so‘raldi.
















