Fransiyalik murabbiy yana «Real»ga qaytdi. Aytish mumkinki, u o‘zi uchun eng qulay vaqtni tanladi – zero endi jamoaga bosim qilib turgan birorta turnir qolmadi. Endi yozgacha Zidan bemalol jamoani kelasi mavsumga tayyorlashi, ba'zi futbolchilar borasida yakuniy qarorlarga kelishi mumkin.

Lekin yana aytish mumkinki, bu davr ham Zidanning Madridda qanday jamoa qurmoqchi ekani haqida aniq ma'lumot berishi qiyin. Chunki, uning ushbu jamoadagi ikki yarim yillik faoliyati ham ba'zi savollar qoldirgan, kimdir Zidanning muvaffaqiyatlarini omad yoki futbolchilarning mahoratiga bog‘laydi, hatto. Spors.ru portalining taniqli blogerlaridan biri Vadim Lukomskiy esa, o‘sha o‘tgan davrdan ham Zidan haqida bir qator tezislar topibdi. E'tiboringizga havola qilamiz.

1. Zidan va Kazemiro

Zidanning eng ahamiyatli qarorlaridan biri Kazemironing asosiy tarkibdagi almashtirib bo‘lmas o‘rni bo‘lgandi. Xavining aytishicha, aynan Kazemiro «Real»ni muvozanatli jamoaga aylantirgandi:

«O‘yin xaotik tarzga o‘tganda, Kazemiro juda katta zonaga javobgar bo‘ladi. «Real» maydon markazisiz o‘ynay boshlaydi, yetti futbolchi hujumchiga aylanadi, ana o‘shanda, Kazemironing bir o‘zi tayanch zonasini nazorat qiladi. Xaotik deganda shuni nazarda tutyapman, Buskets hech qachon unday vazifani bajara olmasdi, chunki hatto men undan tezroq yuguraman. Kazemiro esa, aksincha, juda tezkor».  

2. Zidan va rotatsiya

Natijalar nuqtai nazaridan, Zidan uchun eng muvaffaqiyatli davr - 2016/17 yilgi mavsumdir. Shu davrda murabbiy o‘zini rotatsiya qiroli sifatida namoyon qilgandi. Alvaro Morata asosiy tarkibda joyi bo‘lmay turib, La Ligada 15 gol urdi. Lukas Vaskes va Xames Rodriges haqida ham shunday deyish mumkin. Tarkibdagi boshqa futbolchilar ham yuqori saviyani ushlab turishdi va bularning hammasi Zidanning tarkib tanlash borasidagi muhim va foydali qarorlari tufaylidir.

«Madrid» o‘sha mavsumda chempion bo‘ldi va ispan matbuotida «Real»ning ikkinchi yoki uchinchi tarkibi shunchalik kuchliki, bemalol ligada kuchli uchlikka kirishi mumkin» deb hazillashishardi.