A ligasi, 1-guruhi

Zidanda yana minimal gʻalaba

Belgiya – Fransiya 0:1
Gol: Olise, 88 (0:1)
Belgiya: Lammens, Mehele, Ngoy, Seys (De Kyuyper, 68), Kastan, Lavia (Raskin, 85), Tilemans, De Bryuyne (Vanaken, 63), Godts, Moreyra (Lukebakio, 63), De Ketelare (Fernandes-Pardo, 85)
Fransiya: Menyan, Jake, Lakrua, Diuf, Kalulu, Da Kunya (Kone, 90), Kamavinga, Akliush (Sherki, 77), Barkolya (Olise, 77), Due, Lepol (Dembele, 68)
Ogohlantirishlar: Moreyra, 42. De Bryuyne, 57. Tilemans, 66

Fransiya milliy jamoasi Zinedin Zidan boshqaruvida ikkinchi oʻyinini oʻtkazdi. 1-turda Turkiya maydonidan qiyin gʻalaba (1:0) bilan qaytgan fransuzlar bu turda Belgiyaga safar qilishdi. Zidan bu oʻyinda qator yetakchilarni (Dembele, Olise, Sherki, Yupamekano va Rabio kabilar) zaxirada qoldirdi, Mbappe esa jarohat tufayli safdan chiqqan. Natijada koʻpchilik muxlislar uchun notanish boʻlgan Lukash Da Kunya, Esteban Lepol, Jeremi Jake, Andi Diuf kabi futbolchilar ilk daqiqalardan maydonga tushdi.

Fransuzlar toʻpga egalik qilishdi va koʻproq zarba berishdi (10 ga qarshi 18 ta, shundan 9 tasi darvoza sohasiga toʻgʻri borgan), ammo Mark van Bommel boshqaruvidagi belgiyaliklar ham tengma-teng kurash olib borishdi va bir qancha xavfli vaziyatlar yaratishdi. Masalan, birinchi boʻlimda Kevin de Bryuyne Sharl de Ketelareni boʻsh darvoza qarshisiga chiqargandi, ammo hujumchi toʻpga moslasha olmadi.

Natijada barchasi oʻyin oxirida, 88-daqiqada hal boʻldi: Zidan baribir asosiy tarkib futbolchilariga murojaat qilishiga toʻgʻri keldi va 77-daqiqada Sherki hamda Oliseni maydonga tashladi. Birinchisi pas berdi, ikkinchisi toʻp bilan jarima maydoniga kirib borib, ikki himoyachi yoʻlini toʻsib chiqqaniga qaramay, toʻpni burchakka aniq yoʻnaltirdi.

photo_2026-09-29_12-06-25
photo_2026-09-29_12-06-32

Soʻnggi daqiqalarda urilgan gʻalaba golini esa Zinedin Zidan hissiyotga berilib nishonladi. Oʻz qarori toʻgʻri chiqqanidan xursand boʻlgan murabbiy maydon chetida oʻrnatilgan toʻpni kuch bilan tepib yubordi va oldinga yugurdi.