11 mart kuni kechqurun Madridning «Real» klubi Zinedin Zidan jamoa bosh murabbiyligiga qaytganini e'lon qildi. Bu xabar butun dunyodagi muxlislarning uyqusini qochirib yuborgani aniq. O‘zi Zidan bilan bog‘liq har qanday voqea shov-shuvlarga sabab bo‘lgan. Zizuning futboldan ketishi ham, murabbiylikka kelishi, «Real»dan ketishi ham o‘zgacha bo‘lgan. Endi murabbiy yana bir syurpriz bilan barchaning «og‘zini ochirib qo‘ydi». Hozircha uning futboldan, murabbiylikdan va «Real»dan faqat ketganini ko‘rgandik. Zidanning qaytishi qanaqa bo‘lishini esa hali bilmaymiz. Lekin bir narsa aniq, Zidanning kelishi futbolni yanada qiziqarliroq qildi.

«Jamoaga g‘alabalar uchun yangi motivatsiya kerak»

Foto: Reuters

Zidanning «Real»dan ketishi kutilmagan holat bo‘lgandi. Chunki, hech qaysi klub ketma-ket uch marta Chempionlar Ligasini yutgan murabbiyni iste'foga chiqarmaydi. Zidan nega ketganini shunday izohlagandi: «Jamoaga yangi g‘alabalar uchun yangi motivatsiya kerak».

U «Real»dagi uchinchi mavsumi muvaffaqiyatsiz chiqqanini sezgandi. Zidan bo‘lgan vaqtda «Real» Chempionlar Ligasini uzluksiz yutganini inobatga olsak, murabbiyning natijalarini La Ligaga qarab qiyoslash o‘rinli. Dastlabki ikki mavsumda Zidan La Ligada mos ravishda ikkinchi va birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi bo‘lgan mavsumida ham jamoa «Barselona»dan atigi 1 ochko ortda qolgandi. Uchinchi mavsumda esa Zidan bor e'tiborni Chempionlar Ligasiga qaratgani sezilib qoldi. Jamoa Ispaniya chempionatida «Barselona»dan 17 ochko ortda qolib ketdi va uchinchi o‘rinni egalladi.

Jamoadagi kichik muammolarni sezgan Zidan «Real»ni yaxshi ko‘rgani uchun undan ketishga qaror qildi. Fransuz o‘z g‘oyalari futbolchilarni oldinga boshlash uchun eskirayotganini payqagandir, balki. U bilan hamma narsani yutgan superjamoa yana g‘alaba qozonishi uchun yangi shaxs kerakligini his qilgan Zidan jamoadan ketadi.

Unga nimanidir isbotlashni istayotgan jamoa kerak edi. Hozir «Real» xuddi shunday holatda. «Blankos» shunchalik ko‘p o‘yinlarni boy berdiki, jamoa va muxlislarda alamzadalik kayfiyati maksimal darajaga chiqdi («Real»ning mag‘lubiyatlari hayot tarziga salbiy ta'sir qilgan kishilarni shaxsan taniyman). Shu sababli, jamoani ruhlantirish uchun sabablar yetarli. Dangalini aytganda, Zidan o‘zi yoqtiradigan, chinakamiga g‘alabalarga tashna jamoaga keldi. Murabbiy 2016 yil yanvarida «Real»ga kelganida vaziyat boshqacharoq edi. U vaqtda Madridda holat tushunarsiz edi, allaqanday parokandalik hukm surardi. Shu bilan birga, muxlislar ham jamoani hozirgi kabi tanqidlarga ko‘mib tashlashmagandi. Shu jihatdan, bugungi «Real» Zidanning oldingi jamoasidan ham qo‘rqinchliroq bo‘lishi mumkin.