Namangan shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida bir qozonda 6 tonnalik sumalak tayyorlash rejalashtirilmoqda. Navro‘z bayramini nishonlash kunlari rekord-sumalak tayyorlanadi.
Nampravda xabariga ko‘ra, sumalak tayyorlash bo‘yicha aksiya 19-21 mart kunlari «Sumalak sayli» turizm va milliy qadriyatlar ikkinchi festivali doirasida bo‘lib o‘tadi. O‘tgan yili birinchi rekord o‘rnatilganda, tayyorlangan sumalak og‘irligi 5 tonnani tashkil etgan. Shu tariqa, oldingi ko‘rsatkichni yanada yaxshilash rejalashtirilgan.
Rejaga ko‘ra, «rekord sumalak» uchun 1 tonna bug‘doy, 500 kilogramm yog‘, 3 tonna un ketadi. U maxsus qozonda tayyorlanadi, qozon tashkilotchilar buyurtmasi bo‘yicha Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Markaziy ta'mirlash-muhandislik zavodida yaratildi. Namanganga diametri 3,8 metr, hajmi 7 ming litr va umumiy og‘irligi 4600 kilogramm bo‘lgan qozon allaqachon olib kelingan.
Sumalak tayyorlash uchun tanlov asosida 30 nafar tajribali ayol oshpaz tanlab olindi. Ularning barchasi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.















