Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Namangan viloyati Uchqoʻrgʻon tumanida 5 yoshli qizaloq jabrlangan fojia yuzasidan oʻzining Telegram-kanalida munosabat bildirdi. Uning soʻzlariga koʻra, bunday dahshatli jinoyatlar uchun javobgarlikni imkon qadar kuchaytirish zarur.
Bayonot yuristlar, huquq himoyachilari va jamoatchilik fikri yetakchilari oʻrtasida keng aks sado berdi.
Yuridik fanlar doktori Nodirbek Salayev birinchilardan boʻlib tashabbusning huquqiy asoslarini tahlil qildi. U demokratik davlatlar tajribasini chuqur oʻrgangan holda javobgarlikni imkon qadar kuchaytirish vazifasini qoʻllab-quvvatladi. Salayev buning uchun allaqachon asos mavjudligini taʼkidladi: 2026-yilgi Davlat dasturi va Prezidentning 3-martdagi PF-33-son Farmoni. Ular asosida voyaga yetmaganlarni zoʻrlash va ularga nisbatan jinsiy xarakterdagi zoʻravonlik harakatlari uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilgan.
Jurnalist va advokat Zafarbek Solijonov ham shunga oʻxshash pozitsiyani bildirdi. U Saida Mirziyoyevaning soʻzlarini oʻlim jazosini qayta joriy etish taklifi sifatida talqin qilmaslikka chaqirdi. Uning fikricha, Administratsiya rahbari jamoatchilikning gʻazabini baham koʻrishini, biroq qonun doirasida, yaʼni eng yuqori jazo - umrbod ozodlikdan mahrum qilish boʻlgan sharoitda jazoni imkon qadar kuchaytirishga erishishini anglatgan. Solijonov oʻlim jazosi 2008-yil 1-yanvardan bekor qilingani va Konstitutsiyaning 25-moddasi bilan taqiqlanganini eslatdi. Davlat jazoning shafqatsizligiga emas, balki jazoning muqarrarligiga urgʻu bermoqda.
Bu fikrni yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori (PhD), professor vazifasini bajaruvchi Razzoq Altiyev ham rivojlantirdi. Uning bahosiga koʻra, Administratsiya rahbari javobgarlik kuchaytirilishini, aybdorlar esa qilmishiga yarasha jazolanishini nozik tarzda yetkazgan. Altiyev umrbod ozodlikdan mahrum qilishni yanada ogʻir va adolatli chora deb hisoblaydi, asosiy maqsad esa jazoning muqarrarligi boʻlishi kerak, deb taʼkidlaydi.

















