Samarqand shahrida yashovchi Fotima Usmonova o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan sabab bilan talabalar safidan chiqarib yuborildi. Mana, yarim yildirki institut rahbariyati va boshqa idoralarga qilingan murojaatlar mutlaqo natija bermayapti.
Sobiq talabaning onasi — Nazira Usmonova Kun.uz tahririyatiga murojaat qilib muammo qanday kelib chiqqanini so‘zlab berdi.
Xullas, Fotima Usmonova 2017 yil Rossiyadagi Xalqlar do‘stligi universitetiga o‘qishga kirgan. O‘qishning birinchi bosqichini tugallab, 2018 yil oilaviy sharoit tufayli o‘qishini Samarqand iqtisodiyot va servis institutiga ko‘chirishga qaror qilgan.
2018 yil 5 avgustda tegishli hujjatlar ishchi guruh tomonidan qabul qilingan, hech qanday e'tiroz bildirilmagan. 24 avgustda esa Usmonova o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha o‘tkazilgan maxsus test sinovlarini muvaffaqiyatli topshiradi va uning ism-sharifi o‘qishga kirganlar ro‘yxatiga kiritilib, e'lon qilinadi. 7 sentyabrda esa institut qabul bo‘limi boshlig‘i to‘lov shartnoma qog‘ozini beradi va shartnoma puli ham to‘lanadi.
Qisqasi, F.Usmonova o‘qishni boshlab yuboradi. 2018 yil 12 sentyabrda iqtisodiyot va menejment fakulteti iqtisodiyot yo‘nalishiga o‘qishga qabul qilingani to‘g‘risida Rossiya xalqlar do‘stligi universiteti rektori nomiga Samarqand iqtisodiyot va servis instituti rektori imzosi bilan rasmiy xat ham yuboriladi. Tabiiyki, mana shu xat asosida Rossiya xalqlar do‘stligi universiteti Rahmonqulovani talabalar safidan chiqaradi. Eng yomoni shundan keyin sodir bo‘ladi: 17 sentabr kuni talabaning uyiga institutdan qo‘ng‘iroq bo‘ladi — «Qizingiz o‘qishga qabul qilinmadi».
Talabaning yaqinlari ertasi kuniyoq rektor qabuliga, u yerdan izoh ololmagach, o‘quv bo‘limi boshlig‘i uchraydi. Bo‘lim boshlig‘i I.Shodmonov esa «Qizingiz Xalqlar do‘stligi universitetida sirtdan tahsil olgan, Nizom bo‘yicha sirtqi ta'lim olayotgan talabalar kunduzgi bo‘limlarga qabul qilinmaydi».
Endi sobiq talaba va uning yaqinlari haqli ravishda qator savollarni o‘rtaga tashlamoqda.
1. 5 avgust. Nizomga to‘g‘ri kelmas ekan, nima uchun F.Usmonovaning hujjatlari e'tirozlarsiz qabul qilindi?
2. 24 avgust. Nima uchun Usmonova ta'limni ko‘chirish bo‘yicha onlayn test sinoviga kiritildi?
3. Nima uchun o‘qishga qabul qilindi?
4. 7 sentabr. Qaysi asosga ko‘ra ta'lim uchun ikki tomonlama shartnoma tuzildi va shartnoma pulini to‘lashga ruxsat berildi?

















