2018 yilning yanvar-oktabr oylarida Rossiya aholisi soni 78,7 ming kishiga kamaydi, deb ma'lum qildi Rosstat. Bu Rossiyada keyingi 10 yil ichida aholi sonining ilk bor kamayishidir. So‘nggi marta bunday holat 2008 yilda qayd etilgan: migratsion oqimning tabiiy kamayish o‘rnini to‘ldira olmagani natijasida aholisi soni 10,3 ming kishiga kamaygan.

O‘tgan yil dekabrida Rosstat aholining tabiiy kamayishi 2018 yilning 11 oyi davomida 180,5 ming kishini, migratsion o‘sish esa 101,8 ming kishini tashkil qilganini bildirgandi.

2019 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, Rossiyada 146 million 793,7 ming kishi istiqomat qiladi, bir yil avval bu raqam 146 million 880,4 ming kishini tashkil etgandi.

Migrantlar kelishi kamaydi

Avvalroq BMT 2050 yilga kelib Rossiya aholisi soni 11 million kishidan ko‘proqqa kamayib, 133 million kishini tashkil etishini taxmin qilgandi. 2018 yil yanvar-oktabr oylarida tug‘ilish 1,352 million nafarni tashkil etgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 66 mingga kamdir.

Rosstat ma'lumotiga ko‘ra, aholi soni kamayishi birinchi navbatda qishloq joylarda yuz bergan. Shahar aholisi soni 2019 yil 1 yanvar holatiga 109 million 451,3 ming kishini (2018 yil 1 yanvar holatiga 109 million 326,90 ming kishi) tashkil etgan bo‘lsa, qishloq aholisi soni 37 million 342,4 ming kishini (2018 yil 1 yanvar holatiga 37 million 553,5 ming kishi) tashkil qilgan.

Rossiya aholisi soni 2018 yildan kamaya boshlashi haqida o‘tgan yili RANXiGS va Gaydar instituti ekspertlari ogohlantirishgandi.

Ularning iyul oyidagi monitoringida aholining migratsion o‘sishi qisqarishda davom etayotgani va tabiiy kamayish o‘rnini qoplay olmasligi aytilgandi.

«Asosiy sabab — Ukrainadan keluvchilarning kamayishi va Markaziy Osiyo davlatlaridan keluvchilarning odatiy ko‘rsatkichi sekin tiklanishi», deyilgandi hisobotda.

Ekspertlarning qayd etishlaricha, 2018 yilning dastlabki to‘rt oyida Rossiya aholisi Ukrainadan kelgan migrantlar hisobiga 7,4 ming kishiga ko‘paygan, 2017 yil yanvar-aprelida esa Ukrainadan 27,3 ming kishi, 2016 yilning xuddi shu davrida esa 35,3 ming kishi Rossiyaga kelgan.

2018 yilda migratsion o‘sish 2017 yilga nisbatan 43 foizga yoki 76,6 ming kishiga kamaygan. Rossiyaga Ukrainadan migrantlar kelishi 74 foizga, O‘zbekistondan 70 foizga va Qirg‘izistondan 40 foizga qisqargan. Qayd etilishicha, MDH davlatlari Rossiya uchun asosiy migrant donorlari hisoblanadi, ammo bu resurs tugamoqda.