Qashqadaryoda Rossiya armiyasiga yollangan shaxs jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Sud hukmida keltirilishicha, 38 yoshli A.N. 2022-yil dekabr oyida ishlab pul topish maqsadida Rossiyaga borgan. U avvaliga Sankt-Peterburg shahridagi qurilishlarda ishlab yurgan. Soʻng Moskva shahriga borgan. 

A.N. Moskvada Telegram orqali Suhrob ismli shaxs bilan tanishgan va uning buyurtmasiga asosan psixotrop moddalarni geolokatsiya boʻyicha yetkazib berish bilan shugʻullangan. 2023-yil 14-yanvar kuni Suhrob unga 20 dona psixotrop tabletka turgan joy geolokatsiyasini tashlagan va ularni Bunyod ismli shaxsga olib borib berishni aytgan. A.N. shu kuni topshiriqni bajarish chogʻida qoʻlga olingan. 

Shu tariqa, u narkojinoyatda ayblangan hamda sud hukmi bilan 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Jazoni Tombov shahrida joylashgan 5-sonli jazoni ijro etish koloniyasida oʻtay boshlagan.

Jazoni oʻtash davrida unga Ukrainaga qarshi urushda qatnashishni taklif qilishgan. A.N. koloniyadagi azoblarga chidamay, shartnomaga imzo qoʻyishga majbur boʻlganini aytgan.

“Koloniya xodimlari azob berib, hech bir sababsiz karserga qamab qoʻyishar, kechalari uxlatmasdan Ukrainaga qarshi urushda Rossiya tarafini olib ishtirok etishga majburlashardi. Bundan tashqari, ataylab choʻchqa goʻshti va yogʻidan tayyorlangan taomlarni berishardi. Ushbu azoblarga chiday olmasdan 2025-yil sentabr oyida shartnomaga imzo qoʻydim”, degan A.N. oʻz koʻrsatmasida.

Shundan soʻng uni koloniyadan dala oʻquv mashgʻulotlari oʻtkaziladigan joyga olib borishgan. U 30 kun davomida harbiy mashgʻulotlarda qatnashgan. 2025-yil oktabr oyi oxirida esa bir necha kishi bilan poligondan qochib, Moskva shahriga borgan.

A.N. Oʻzbekistonga qaytib kelish uchun elchixonaga murojaat qilgan. Elchixona xodimlari 7 kundan soʻng vatanga qaytish guvohnomasi tayyor boʻlishini aytgan. Ammo A.N. 7 kun kutmasdan tanishlari orqali qalbaki vatanga qaytish guvohnomasi tayyorlatgan. 2025-yil 11-noyabr kuni Novosibirsk shahridagi aeroportda uning vatanga qaytish guvohnomasi qalbaki ekani aniqlangan. Soʻngra 2026-yil 25-mayga qadar Novosibirsk shahridagi vaqtincha saqlash hibsxonasida ushlab turilgan.

“2025-yil 11-noyabrdan 2026-yil 25-mayga qadar meni tergov qilishdi. Urushda oʻlib ketadi, deya biror hujjat rasmiylashtirmasdan jazoni ijro etish koloniyasidan poligonga yuborishgani sababli qamalganim va urushga yuborilganim boʻyicha hujjatlar aniqlanmadi. Soʻngra deport qilib, Oʻzbekistonga chiqarib yuborishdi. Urushda qatnashish uchun poligonga majburiy yuborilgan 64 nafar oʻzbek yigitlaridan faqat uch kishi qochib tirik qoldik, qolganlarning barchasi oʻlib ketdi”