13:02 / 18.03.2019
31290

Hukumat transport egalari fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish tizimi bo‘yicha qaror qabul qildi

Foto: Depositphotos

Vazirlar Mahkamasining “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish tizimini umuman va uning bevosita ish amaliyoti mexanizmlarini takomillashtirish maqsadida qabul qilindi.

Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha to‘lovlarni kafolatlash jamg‘armasining onlayn tartibida faoliyat yurituvchi transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligining majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha yagona axborot tizimini ishlab chiqish va joriy etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Jamg‘arma:

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda sug‘urta siri to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan talablarga qat'iy rioya qilgan holda idoralararo elektron bog‘lanish tizimi bo‘yicha texnik topshiriqni ishlab chiqilishini va tasdiqlanishini;

uch oy muddatda — O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining axborot tizimlari va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralarning axborot tizimlari, jismoniy va yuridik shaxslarning markaziy ma'lumotlar bazasi bilan integratsiyalashuvini hisobga olgan holda yagona axborot tizimi joriy etilishini ta'minlaydi.

Belgilanishicha:

yagona axborot tizimini yaratishni moliyalashtirish manbai Jamg‘arma mablag‘lari hisoblanadi;

majburiy sug‘urta bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi sug‘urta tashkilotlari majburiy sug‘urta bo‘yicha ishonchli ma'lumotlar yagona axborot tizimiga o‘z vaqtida kiritilishini Jamg‘arma bilan tuzilgan, shu jumladan sug‘urta tashkilotlarining ushbu majburiyatni bajarmaslik oqibatida kelib chiqadigan javobgarlik choralarini nazarda tutuvchi kelishuv shartlariga asosan ta'minlaydilar.

Ushbu qaror kuchga kirgan kundan boshlab majburiy sug‘urta bo‘yicha sug‘urta polislarining yangi namunadagi blankalari muomalaga kiritiladi. Bunda ilgari berilgan muomaladagi majburiy sug‘urta bo‘yicha sug‘urta polislarining amal qilish muddati tugagunga qadar haqiqiy hisoblanadi.

Top