Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Maishiy iste'molchilarning elektr energiyasini va gazni hisobga olish priborlarini davlat qiyoslovidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Maishiy iste'molchilarning elektr energiyasini hisobga olish priborlarini davlat qiyoslovidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, iste'molchilar tomonidan foydalanilayotgan O‘zbekiston Respublikasi O‘lchov vositalari davlat reyestriga kiritilgan elektr energiyasini hisobga olish priborlari belgilangan tartibda davlat qiyoslovidan o‘tkazilishi shart.

Iste'molchilar tomonidan foydalanilayotgan elektr energiyasini hisobga olish priborlari:

davriy qiyoslovdan - elektr energiyasini hisobga olish priborlarini qiyoslashlararo interval muddati tugaganda;

navbatdan tashqari qiyoslovdan - elektr energiyasini hisobga olish priborlarining davlat qiyoslovidan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi plombasi shikastlanganda yoki qayta sozlash ishlarini o‘tkazish zarurati vujudga kelganda;

ekspert qiyoslovdan - elektr energiyasini hisobga olish priborlarining sozligi yoki ularning qo‘llashga yaroqliligi, metrologik tavsiflari bo‘yicha munozarali savollar tug‘ilganda o‘tkaziladi.

Elektr energiyasini hisobga olish priborlarining qiyoslashlararo interval muddati 48 oyni tashkil qiladi.

O‘zbekiston Respublikasida elektr energiyasi va tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish loyihasi doirasida o‘rnatiladigan hisobga olish priborlarining davlat qiyoslovidan o‘tkazilishi «O‘zstandart» agentligi tomonidan xar 120 oyda amalga oshiriladi.

Elektr ta'minoti korxonasi o‘zining ma'lumotlar bazasi orqali har bir elektr energiyasini hisobga olish priborining qiyoslashlararo interval muddati o‘tishini kuzatib boradi va davriy qiyoslovdan o‘tkazishning o‘z vaqtida amalga oshirilishi uchun javobgar hisoblanadi.

Elektr energiyasini hisobga olish pribori ekspert qiyoslovdan tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruv, tergov, prokuratura organlari yoxud sudning qaroriga (ajrimiga), asosan o‘tkazilishi mumkin.

Iste'molchining elektr energiyasini hisobga olish priborini yechib olish (demontaj qilish), davlat qiyoslovidan o‘tgan elektr energiyasini hisobga olish priborini iste'molchiga yetkazib berish, elektr energiyasini hisobga olish priborini joyiga o‘rnatish (montaj qilish) elektr ta'minoti korxonasining shtatdagi elektrotexnik xodimi tomonidan amalga oshiriladi.