O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Xitoyning «Shanxay SIPG» klubi yarimhimoyachisi Odil Ahmedov Rossiyaning «Izvestiya» nashri muxbiri bilan suhbatda bo‘ldi.
Intervyu davomida 31 yoshli futbolchi Xitoy va Rossiyadagi faoliyati, Yevropa klublaridan tushgan takliflar, o‘zi asos solgan «Odil junior» akademiyasiga oid va boshqa mavzulardagi savollarga javob berib o‘tgan. Quyida intervyu matni to‘liq keltirib o‘tiladi.
– Mana uchinchi yildirki, Xitoy chempionatida o‘ynayapsiz. Bu mamlakatga to‘liq ko‘nikib ketdingizmi?
– So‘zimni meni Xitoyda juda yaxshi kutib olishganini aytish bilan boshlamoqchiman. Klub menga qulay bo‘lishi uchun hamma sharoitlarni yaratishga harakat qildi. Shunga qaramay, kundalik hayotda mentalitet va til tafovuti anchagina seziladi. Bu yurtga rostmanasiga endi-endi moslashishni boshladim, deya olaman.

– Maishiy turmushda nimalarga ko‘nikish hammasidan ham ko‘proq qiyin kechdi?
– Haligacha Xitoy oshxonasiga o‘rgana olmadim. Shuning uchun ham oziq-ovqat mahsulotlarini O‘zbekistondan olib keltiraman. Uyda o‘zimizning o‘zbek milliy taomlarini tayyorlaymiz.
– Xitoyda sizni eng ajablantirgan narsa?
– Xitoyliklarning o‘zlari. Xushkayfiyat odamlar; doimo yordamga shay turishadi. Bu mamlakatda ochiq ko‘ngilli insonlar yashashadi.

– Bunga qadar uzoq vaqt Rosssiyada o‘ynadingiz. Yurtimizni sog‘inmadingizmi?
– Albatta, sog‘inaman. Rossiya chempionatida umrimning olti yilini o‘tkazdim. Bu yillar futboldagi kareramning eng yorqin damlaridan biri sifatida hech qachon yodimdan chiqmaydi. Yevrokuboklarda o‘ynash orzumga rus klublari bilan yetishdim. Rossiyadagi muxlislar doimo yonimda turib, meni qo‘llab-quvvatlab turishdi. Bular men uchun qadrli xotiralar.
– «Shanxay»da Andre Villash-Boash qo‘l ostida o‘ynadingiz, u bundan avval «Zenit»da ishlagan. Rossiyadaligida u hakamlar va chempionat tuzilmasidan tez-tez shikoyat qilib turardi. Xitoyda ham o‘zini shunday tutdimi?
– Bunday holatlar Boash bilan Xitoyda ham ro‘y berib turdi, lekin u yerda liga qoidalari ancha qat'iy. Gap-so‘zlari uchun bir necha marta diskvalifikatsiya qilindi. Umuman, murabbiy Rossiyani tez-tez eslab turar, u yerda o‘tkazgan damlarini qumsardi.



















