Soliq qo‘mitasi prezident tanqid qilgan masala bo‘yicha ma'lumot berdi
Davlat soliq xizmati organlari soliq islohotlarining yangi davrida qo‘shilgan qiymat solig‘i ma'murchiligiga va soliq hisobotlarini soddalashtirishga alohida e'tibor qaratmoqda, deb xabar beradi qo‘mita matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, hisobot shakllarining 9 ta ilovasi 5 taga kamaytirilgan, hisobvaraq-fakturalarning elektron ko‘rinishi sinov tariqasida Navoiy va Sirdaryo viloyatlari hamda Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida qo‘llanilmoqda.
Joriy yil I choragi yakunlariga ko‘ra, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari soni 5 barobarga ko‘payib, 35 mingtaga yetgan. Ushbu soliq orqali tushgan mablag‘lar 5,2 trln. so‘mni tashkil qilgan va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 barobarga oshgan.
Shu bilan birga, joriy yildan qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘loviga o‘tgan 26 mingta yangi soliq to‘lovchilarning 7,4 mingtasi hisobotlarini nol va 5,5 mingtasi manfiy summada taqdim etgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 4 aprel kuni 2019 yilning I choragi yakunlari bo‘yicha Davlat budjetiga tushumlar va eksport prognozlari ijrosi natijadorligi hamda I yarim yillik uchun belgilangan ko‘rsatkichlarning so‘zsiz bajarilishini ta'minlash yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblashning samarali va sodda mexanizmlari ishlab chiqilmaganligi tanqid qilingan edi.
Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmatining xabar berishicha, hozirda qo‘shilgan qiymat solig‘i ma'murchiligini to‘liq avtomatlashtirish va tadbirkorlik sub'yektlariga qulay raqobat sharoitini yaratish bo‘yicha tegishli qaror loyihasini ishlab chiqish maqsadida Jahon bankining ekspertlar guruhi bilan birgalikda ish olib borilmoqda.
Bundan oldin, prezident videoselektoridan keyin Soliq qo‘mitasida navbatdan tashqari yig‘ilish bo‘lib o‘tgani xabar berilgandi.
Mavzuga oid
08:40 / 09.09.2024
Eksport qiluvchilar uchun QQS qoplash tartibi soddalashtirildi
13:50 / 05.09.2024
XMT loyihalariga yetkazilgan tovarlar uchun mahalliy ishlab chiqaruvchilarga QQS qaytariladi
07:53 / 04.09.2024
Ayrim tadbirkorlarga QQSning bir qismi qaytariladi
13:35 / 12.02.2024