Joriy yilning 12 aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi hamda Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi hamkorligida O‘zbekiston Respublikasida yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash borasida Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar holati bo‘yicha o‘rganish natijalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. 

Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi xabariga ko‘ra, unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Ichki ishlar vazirligi, Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati, mutaxassislar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Foto: parliament.gov.uz

Tadbirda qayd etilganidek, yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash sohasida korrupsion holatlar kuzatilmoqda. Xususan, bugungi kunda avtotransport vositalarining davlat raqami belgilarini auksion orqali sotish amaliyoti o‘zining ijobiy natijasini bermoqda. Birgina ushbu tartibni joriy qilinishi orqali 1,5 yilda Davlat budjetiga 160 mlrd. so‘mdan ziyod mablag‘lar kelib tushdi.

Auksion orqali sotilmaydigan ayrim davlat raqami belgilariga nisbatan yuqori talab bor. Ko‘zgusimon hamda ikkita ketma ket bir xil raqamli (171, 272, 515, 717, 117, 177 va hokazo) davlat raqami belgilari talabgir hisoblanmoqda. Bunday turdagi davlat raqami belgilarini berishda shaffoflikning yo‘qligi, navbat asosida berish qoidasiga to‘liq rioya qilinmasligi joylarda (Andijon, Farg‘ona va ayniqsa Namangan viloyatida) korrupsiogen vaziyatni yuzaga keltirmoqda.

Bu muammoni bartaraf etish maqsadida ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olib, ko‘zgusimon (1X1-9X9) davlat raqami belgilarini auksion orqali realizatsiya qilish, shuningdek davlat raqami belgilarini berishning axborot kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llash orqali shaffof tartiblarini joriy qilish maqsadga muvofiq. Bu orqali talabgir davlat raqami belgilarini adolatli tarqatilishi, korrupsiogen holatlarni oldini olinishi, shuningdek davlat budjetiga sezilarli darajada qo‘shimcha tushumlar ta'minlanadi.

Fuqarolar tomonidan bank kassalarining faoliyatiga e'tirozlar bildirilmoqda. Ayrim YHXBlarida davlat bojlari va jarimalarni qabul qilish uchun bank kassalari mavjud emasligi, mavjudlarida esa navbatlar ko‘payib ketganligi kuzatildi. Aniqlanishicha, bugungi kunda YHXBlarida to‘lovlarni qabul qilayotgan bank kassalari ushbu xizmat uchun hech qanday daromad olishmaydi, shu bois banklar bunday kassalarni ko‘paytirishdan manfaatdor emas.